Xitoy BMTning Eronga aloqador rezolyutsiyasini blokladi
Olam
−
18:15 982 1 daqiqa
Rossiya va Xitoy AQSH tomonidan tayyorlangan va Eronga qarshi sanksiyalarga rioya etilishini nazorat qiluvchi mustaqil ekspertlar guruhi mandatini yana bir yilga uzaytirishni nazarda tutuvchi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasiga veto qo‘ydi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyiha uchun Xavfsizlik Kengashining 11 ta a’zosi ovoz bergan, Rossiya va Xitoy qarshi chiqqan, Somali hamda Pokiston esa betaraf qolgan.
So‘z Eron yadro dasturi munosabati bilan 2025 yil 27 sentyabrda qayta tiklangan sanksiyalar haqida bormoqda. Ular Eronning xorijdagi aktivlarini muzlatishni, qurol-yarog‘ yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovlarni va Tehronning raketa dasturiga qarshi choralarni nazarda tutadi. Rossiya va Xitoyning vetosi sanksiyalarning o‘zini bekor qilmaydi, lekin ularga rioya etilishini monitoring qiluvchi ekspertlar guruhi mandati uzaytirilishiga to‘sqinlik qiladi.
Eron rezolyutsiya bloklangani uchun Moskva va Pekinga minnatdorlik bildirgan. Tehronning ma’lum qilishicha, bu mamlakatlar AQSH va uning ittifoqchilariga Xavfsizlik Kengashidan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymagan.
Vashington, o‘z navbatida, Rossiya va Xitoyni sanksiya rejimining mumkin bo‘lgan buzilishlari bo‘yicha surishtiruvga to‘sqinlik qilishda ayblagan. Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Jerom Bonnafon sanksiyalar Eronni yadro dasturi bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga qaytarishga undash uchun mo‘ljallanganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi