Oling, janob! O‘zbekistondagi eng ko‘p pora miqdori ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
20 iyun 2022
43483O‘zbekistonda eng ko‘p pora miqdori 2 million dollarni, eng kami 50 dollarni, o‘rtacha pora miqdori esa 8 065 dollar yoki 3,92 mln so‘mni tashkil qiladi. Bu haqda bugun, 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Durdona Ochilova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2019 yilda 177 ta, 2020 yilda 161 ta, 2021 yilda 91 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu turdagi jinoyatlar so‘nggi uch yilda deyarli 50 foizga kamaygan. 2022 yilning o‘tgan 5 oyi davomida 17 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu 2021 yilning 5 oyiga nisbatan (2021 yilning 5 oyida 57 ta pora olish jinoyati sodir etilgan) 40 taga kam.
2020 yilda 118 ta og‘ir, 13 ta o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyatlari, 2021 yilda esa 62 ta og‘ir, 6 ta o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyatlari sodir etilgan.
2021 yilda sodir etilgan pora olish bilan bog‘liq jinoyatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan yilda Respublika bo‘yicha 91 ta pora olish jinoyatlari sodir etilgan bo‘lib, 91 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Pora olish jinoyatlarining 10 tasi viloyat, 81 tasi tuman-shahar miqyosidagi davlat tashkilotlari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan. Tuman-shahar miqyosidagi mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan pora olish jinoyatlari umumiy pora olish jinoyatlarining 89 foizini tashkil qilgan.
Lavozimlar doirasida tahlil qilinganida, 91 ta pora olish jinoyatidan 49 tasi birinchi darajali rahbarlar, 8 tasi rahbar o‘rinbosari, 34 tasi ijrochi va texnik xodimlar tomonidan sodir etilgani, mansabdor shaxslardan 77 nafari erkak, 14 nafari ayol ekani ma’lum bo‘ldi.
Sohalar kesimida tahlil qilinganda, 91 ta pora olish jinoyatidan 20 tasi ichki ishlar (8 tasi yo‘l harakati xavfsizligi), 12 tasi maktabgacha ta’lim, 10 tasi hokimlik, 6 tasi harbiy, 6 tasi qishloq xo‘jaligi, 4 tasi xalq ta’limi, 4 tasi qurilish, 3 tasi kommunal xizmat (elektr, gaz, suv) va 26 tasi boshqa sohalar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Mazkur 91 ta jinoyatdan 20 tasi ishga qabul qilish, 8 tasi ma’muriy chora ko‘rmaslik, 6 tasi yer ajratish, 4 tasi qurilishga ruxsat berish, 3 tasi yerdan ijara asosida foydalanishga ruxsat berish, 3 tasi avtotransport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish, 2 tasi postdan ruxsatnomasiz o‘tkazishga ruxsat berish, 2 tasi pensiya tayinlash, 2 tasi davlat xaridlari bo‘yicha shartnoma imzolash uchun ulush talab qilish, 2 tasi chegaradan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lib, qolgan 39 ta holatda jinoyatlar boshqa vakolatlardan foydalanish asosida sodir etilgan.
22 foiz pora olish jinoyati ishga olish vakolatidan foydalanish orqali sodir etilgan bo‘lib, ularning 15 tasi texnik va ijrochi xodimlarni ta’lim (11 tasi maktabgacha ta’lim, 4 tasi xalq ta’limi) muassasalariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq. Shuningdek, 8 ta ma’muriy chora ko‘rmaslik vakolatidan foydalangan holda sodir etilgan pora olish jinoyatlarining 5 tasi ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ularning 3 tasi yo‘l-patrul xizmati inspektorlari, 2 tasi profilaktika inspektorlari hisoblanadi.
Bundan tashqari, 6 ta yer sotish bilan bog‘liq pora olish jinoyatlaridan 4 tasi mahalliy hokimlik (3 tasi tuman hokimi o‘rinbosari), 2 tasi qurilish bo‘limi xodimlari hisoblanadi.
2021 yilda eng ko‘p pora miqdori 2 million dollarni, enga kami 50 dollarni, o‘rtacha pora miqdori esa 8 065 dollar yoki 3,92 mln so‘mni tashkil qiladi.
Poraxo‘rlik jinoyatlari bo‘yicha javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash va unga qarshi kurashish yuzasidan agentlik tomonidan bir qator takliflar ishlab chiqilgan. Xususan:
1. Pora olish jinoyati bo‘yicha tergov va sud amaliyotini umumlashtirish orqali mavjud muammolarni aniqlash hamda normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish;
2. Korrupsiyaviy jinoyatlarni fosh etishda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi samarali natija berayotganini inobatga olgan holda pora olish jinoyatlarini fosh etishda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirishning ichki idoraviy tizimini yaratish lozim bo‘lib, bu jarayonda shaxslarning xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish;
3. Korrupsiyaviy jinoyatlar, xususan, pora olish jinoyati haqida xabar berishning tezkor va xavfsiz tizimini yaratish, ushbu tizimdan barcha fuqarolarning foydalanish imkoniyatini yaratish;
4. Pora olish jinoyatlarining aksariyati ishga olish vakolatidan foydalanish orqali sodir etilgani va ularning ko‘pchiligi ta’lim tizimiga to‘g‘ri kelgani sababli maktabgacha ta’lim muassasasi va umumiy o‘rta ta’lim maktablariga ijrochi xodimlarni ishga olish jarayoni ustidan nazoratni to‘liq Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligiga o‘tkazish, ish o‘rinlari bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazilishini ta’minlash.
LiveBarchasi