1 iyundan tibbiyot xodimlarining lavozim maoshi oshiriladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 iyunidan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik maoshlari oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining kecha, 17 may kuni qabul qilingan “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:

•    oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;

•    ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;

•    tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshiriladi.

Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 iyundan boshlab Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) shakllantirish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdori tibbiyot muassasasi uchun ajratiladigan byudjet mablag‘larining umumiy hajmiga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

•    birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati, bolalar tibbiyot muassasalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda ijtimoiy kasalliklarga (sil, buyrak yetishmovchiligi, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrin, moxov (lepra), yuqumli, jinsiy yo‘l bilan yuqtiriladigan, OITS) ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida – umumiy xarajatlarning 10 foizi;

•    respublika va viloyat darajasidagi boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarida – umumiy xarajatlarning 5 foizi.

•    Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma mablag‘larining 75 foizi guruhidan qat’i nazar barcha davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga, 25 foizi – tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda ta’mirlashga yo‘naltiriladi.

Bunda:

•    xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga ajratilgan mablag‘lar hisobidan davlat tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;

•    yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;

•    oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.

Farmonda belgilanishicha, tibbiyot muassasalarida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokor-xirurglar lavozim maoshining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama joriy etiladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga ularning tibbiyot sohasida va mehnat faoliyatida ilmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini inobatga olgan holda, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.


Maqola muallifi

Teglar

maosh tibbiyot

Baholaganlar

175

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing