O‘zbekiston Ukrainadagi harbiy harakatlarni tushunish bilan qabul qilyaptimi? Rus matbuoti nima deb yozmoqda?
Olam
−
21 mart 2022
56314O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan bugun, 21 mart kuni amalga oshirgan telefon orqali muloqoti rus matbuotida yana Toshkent Moskvaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasini to‘g‘ri tushunishi mazmunida yoritilmoqda.
21 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 15:46 da TASS axborot agentligida e’lon qilingan xabarda, Rossiya va O‘zbekiston Prezidentlari muloqotida asosiy urg‘u Ukrainadagi vaziyatga berilgandek yozilgan. Agentlik ushbu xabarni Kremlga tayanib tarqatgan.
“Ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil noyabr oyida Rossiyaga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Davlat rahbarlari Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birini tabrikladi. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.
Vladimir Putin Donbass respublikalarini himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiyaning borishi haqida ma’lum qildi. O‘zbekiston Prezidenti Rossiya tomonining pozitsiyasi va harakatlari haqida tushunish bilan gapirdi.
Turli darajadagi aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi”, deyiladi Kreml tarqatgan xabarda.
TASSning yozishicha, muloqot O‘zbekiston tomonining taklifiga ko‘ra o‘tkazilgan. Rasmiy Toshkent esa ikki davlat rahbarlarining muloqoti kimning taklifi bilan o‘tkazilganiga aniqlik kiritmagan.
Shuningdek, suhbat avvalida Rossiya Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni va O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini bahor va yangilanish bayrami – Navro‘z bilan samimiy tabriklab, farovonlik va ravnaq tilagani aytilgan. Biroq Kreml xabarida bu haqda miq etilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining axborotida Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha shunday jumla keltirilgan:
“Mintaqa va xalqaro kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashilgan”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 fevral kuni ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu muloqotni ham Kreml va mahalliy matbuot O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasini tushunayotgani mazmunida yoritdi. Biroq, O‘zbekiston rahbari Matbuot xizmati tomonidan berilgan xabarda bu haqda so‘z ochilmagandi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Prezident Matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha pozitsiyasi xususida gapirib chiqdi. Jumladan u shunday deydi:
“Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid bildirdi.
Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim”.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov esa joriy yilning 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan Senatning 24-yalpi majlisida O‘zbekiston Ukraina sharqida joylashib olgan separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olmasligini ma’lum qildi.
Vazirning qayd etishicha, Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Rasmiy Toshkent vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori. Buning uchun, birinchi navbatda, harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtatilishi zarur.
“O‘zbekiston tarixan ham Rossiya Federatsiyasi bilan, ham Ukraina bilan an’anaviy ko‘p qirrali aloqalarga ega. Va biz har ikki mamlakatlar bilan o‘z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettiramiz”, degan vazir Komilov.
Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi joriy yilning 18 mart kuni YeI va unga a’zo davlatlar, shuningdek, Buyuk Britaniya, Yaponiya va AQSHning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan o‘tgan uchrashuvda rasmiy Toshkentning ushbu masala bo‘yicha vazmin va betaraf yondashuv hamda vaziyatni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqiriqni ko‘zda tutadigan o‘zgarmas pozitsiyasini bildirgan.
LiveBarchasi