G‘arb va’dalariga chuv tushgan Zelenskiy
Olam
−
25 fevral 2022
25566Bugun dunyo hamjamiyati nigohi Ukrainaga qaralgan. Hamma yakunda nima bo‘ladi deb, kuzatmoqda. Qizig‘i, Ukrainaga tonnalab qurol yuborib, uni Rossiya uchun dushmanga aylantirgan rivojlangan davlatlar ham sanksiya joriy qilish bilan cheklanmoqda.
Kecha, 24 fevral’ kuni Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan qator davlatlar va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qildi.
Kremlga qarshi birinchilardan bo‘lib sanksiya qo‘llagan AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tajovuzkor ekanini ochiq aytib, u sobiq Sovet Ittifoqini qayta tiklash harakatiga tushganini urg‘uladi.
Moskvaga qattiq cheklovlar joriy qilayotgani haqida og‘iz ko‘pirtirgan Bayden Amerika qo‘shinlari “Ukrainada jang qilish” uchun Yevropaga bormasligini ham aytishga tortinmadi.
“O‘tgan yili biz Ukrainaga 650 million dollardan ortiq mudofaa yordami ko‘rsatganimizga qaramay, yana bir bor takror aytaman: bizning kuchlarimiz Ukrainadagi Rossiya bilan mojaroda ishtirok etmaydi va qo‘shilmaydi, bizning kuchlarimiz Yevropaga jang qilish uchun bormaydi. Lekin NATOdagi ittifoqchilarimizni himoya qiladi”, degan AQSH Prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, Vladimir Putin Ukrainaga qilingan hujum uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi va u tufayli Rossiya eng og‘ir oqibatlarga duch keladi.
“Putin tajovuzkor. Putin bu urushni tanladi. Endi esa uning oqibatini u va uning davlati ko‘taradi. U Ukrainaga qaraganda ancha katta ambitsiyalarga ega. U, aslida, sobiq Sovet Ittifoqini tiklashni xohlaydi. Mana, gap nimada ”, degan Bayden.
“Oligarxlar yashirinadigan joy qolmaydi”. Britaniya Rossiya uchun “og‘ir” sanksiyalarni e’lon qildi
Buyuk Britaniya AQSHdan kam bo‘lmagan iqtisodiy cheklovlar e’lon qildi. Rossiyaning VTB Banki, “Aeroflot” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi va yuqori texnologiyali mahsulotlarni agressor davlatga eksport qilishni taqiqladi.
“Sibur” boshqaruvi raisining sobiq o‘rinbosari va Vladimir Putinning sobiq kuyovi Kirill Shamalov, Birlashgan aviasozlik korporatsiyasi rahbari Yuriy Slyusar, VTB vitse-prezidenti Denis Bortnikov (FSB rahbarining o‘g‘li) va “Promsvyazbank” boshqaruv raisi Pyotr Fradkov (sobiq bosh vazirning o‘g‘li) Britaniya sanksiyalari ostida qoldi.
Britaniya Bosh vaziri, shuningdek, yuzdan ortiq odam va kompaniyaning aktivlarini muzlatish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
“Bu Putinning urush mashinasini qo‘llab-quvvatlovchi yirik sanoat kompaniyalarini o‘z ichiga oladi”, degan Britaniya Bosh vaziri Jonson.
Rossiya boylari urushning birinchi kunida $39 mlrdga “kambag‘allashdi”. Ularning orasida Usmonov ham bor
Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotining birinchi kunida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov 1,2 mlrd dollar yo‘qotdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Agentlikka ko‘ra, eng boy rossiyalik tadbirkorlarning boyligi 39 milliard dollarga kamaydi.
“Qashshoqlashgan” milliarderlar ro‘yxatini “LUKOIL” prezidenti Vagit Alekperov boshqargan bo‘lib, uning boyligi bir sutka ichida qariyb 6,2 milliard dollarga kamayib, 13 milliard dollarga tushib qoldi.
Yevropa Rossiyaning neft sanoatiga zarba tayyorladi
Yevropa Ittifoqi Ukraina hududiga bostirib kirishiga javoban Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini kelishib oldi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning blokdagi aktivlarini muzlatib qo‘yishga va Rossiya banklarining Yevropa moliya bozorlariga kirishini yopishga kelishgan.
“Ushbu paket Rossiya bank bozorining 70 foiziga va asosiy davlat kompaniyalariga, shu jumladan mudofaa sektoriga qaratilgan moliyaviy sanksiyalarni o‘z ichiga oladi”, degan Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen.
Bu orada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy umumiy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Ukraina Prezidentining rasmiy saytida e’lon qilingan.
Safarbarlik Rossiyaning harbiy bosqini bilan izohlangan. Harbiy xizmatga majburlar, zaxiradagilar Ukraina Qurolli Kuchlari, Milliy gvardiya, Xavfsizlik xizmati, Davlat chegara xizmati va mamlakatning boshqa harbiy tuzilmalariga chaqiriladi.
LiveBarchasi