Farzandlarini o‘rtaga qo‘yib qasam ichgan Ortiqxo‘jayev, saratonga chalingan Shodiyeva, Prezidentdan “musht yegan” UzAuto Motors – hafta dayjesti

Jamiyat

Yakuniga yetib borayotgan hafta O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda ko‘plab esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. O‘zbekistonda esa galdagi hafta import avtomobillarga qo‘yilgan boj narxi va "UzAuto Motors" avtomobillariga avvaldan buyurtma to‘lovi 85 % dan 50 %ga kamaytirilishi bilan esda qoldi. Shuningdek bir qator muhokamaga chiqqan mavzular bo‘ldi. Quyida hafta davomida dolzarb bo‘lgan voqealarga e’tibor qaratamiz. 

Yakuniga yetib borayotgan haftaning ilk kunlarida avtomobil sotib olish niyatida bo‘lgan yoki to‘lov masalasida muammolarga duch kelayotgan odamlar uchun yaxshigina yangilik bo‘ldi.

 “UzAuto Motors” avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytirilishi e’lon qilindi.

Shuningdek, joriy yilning 1 mayiga qadar avtomobil xarididagi navbatlar to‘liq bartaraf etiladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shunday vazifa qo‘ydi.

Prezident Mirziyoyev yig‘ilishda avtomobillar importi uchun boj stavkalarini pasaytirishga ko‘rsatma berdi.


Shunaqasi ham bo‘lishi mumkin ekan. Xo‘sh nima bo‘ldi deysizmi?

Hech kutilmagan holat:Toshkentda kuyov to‘yi kuni bedarak yo‘qoldi. Joriy yilning 14 fevral’ kuni Toshkentlik 1997 yilda tug‘ilgan Abbosxon Axrorxo‘jayevich G‘ulomov uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgani haqida xabar berildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kuyov topilgan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

“Ilgari qidiruvda bo‘lgan 1997 yilda tug‘ilgan G‘ulomov Abbosxon topildi. Uning holati yaxshi, xavotirga o‘rin yo‘q”, deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Abbosxon G‘ulomovning uydan chiqib ketib, qaytib kelmasligiga oilaviy mojarolar sabab bo‘lgan. 


“Meni qutqarib qolish variantlari juda-juda kam edi”. Aktrisa Ra’no Shodiyeva saraton kasalligiga chalindi.

QALAMPIR.UZ muxbiri aktrisa bilan bog‘lanib, undan xabar olganida aktrisa Toshkentda ekanini ma’lum qilib, Turkiyadan yaqinda qaytganini aytdi.

“Yana biroz kimyo terapiya muolajalarini qabul qilishim kerak. Saraton kasalligiga chalinganlarga motivatsiya bo‘lsin, hayotdan umidlarini uzmasinlar, deb betobligim haqida ochiq aytdim”, deydi aktrisa.

Shodiyevaning ma’lum qilishicha, unda juda kam uchraydigan jigar saratoni xastaligi aniqlangan. Aktrisa Istanbuldagi shifoxonalardan birida operatsiya qilingan va amaliyot muvaffaqiyatli o‘tgan. 

“Hech afsuslanmayman. Chunki meni qutqarib qolish variantlari juda-juda kam edi. Operatsiya 11 soat o‘tdi va yana hayotga qaytishim Xudoning mo‘’jizasi edi. Shifokorim  natijadan juda xursand. Holatim yaxshimas edi. Lekin Alloh menga yana bir bor hayot berdi, bundan juda-juda xursandman”, deydi Shodiyeva. 

Toshkentda o‘ziga xon, o‘ziga beklar tomonidan Kosmonavtlar maydonida o‘zboshimchalik bilan buz-buz ishlari boshlandi.

Toshkentdagi Kosmonavtlar maydonida Vladimir Jonibekov haykali oldidagi granit plitalar Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi ruxsatisiz buzib tashlandi. Ruxsatsiz boshlangan ish uchun esa “MIMAR GROUP” MCHJga ogohlantirish xati berildi va jarayon ruxsat olinguncha to‘xtatildi.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi Kosmonavtlar maydonida boshlangan ta’mirlash ishlari obodonlashtirish uchun boshlangani haqida ma’lumot berdi. Ammo, hokimlik bu ta’mirlash ishlarining nima sababdan o‘zboshimchalik bilan boshlangani haqida lom-mim demadi. Qonunbuzar kompaniya esa jazosiz qoldi.

Davlatning bir so‘miga xiyonat qilmadim, charchadim... – Jahongir Ortiqxo‘jayev

16 fevral kuni Toshkentdagi qurilish va ta’mirlash ishlari yuzasidan poytaxt hokimligida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Kutilmaganda anjumanga kelgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘ziga bildirilgan tanqidlarga javoban hokimlik lavozimini egallab kelayotganidan buyon 35 mashinasidan 6 tasi qolgani, hammasini sotib, Toshkentga tikkani, o‘zi esa davlatning bir so‘miga ham xiyonat qilmaganini aytdi.

20 soni tushirilgan banknot $100 qiymatida qabul qilinadimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda 20 soni tushirilgan  banknot muomalaga chiqarilgani va u 100 AQSH dollari qiymatida qabul qilinishi haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bunday ma’lumotlarni rad qildi.

Qayd etilishicha, “So‘m” muomalaga kiritilganining 20 yilligi munosabati bilan 20 raqami tushirilgan namuna Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan pul belgisi hisoblanmaydi.

Regulyatorga ko‘ra, bu banknota “Davlat belgisi” korxonasi tomonidan 2014 yilda yubiley sana munosabati bilan korxonaning reklama mahsuloti (suvenir) sifatida chiqarilgan.

 

Haftaning so‘nggi kuni ayanchli voqea bilan tugamoqda. Navoiyda bobo qo‘lidagi nabirasi bilan 5-qavatdagi eskalatordan quladi.

Navoiy shahridagi “Yangi hayot” savdo majmuasida bobo va nabira eskalatordan qulab tushdi. Holat yuzasidan Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 18 fevral kuni taxminan soat 20:30 da sodir bo‘lgan. Karmana tumanida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan Sh.T. 3 yoshli nabirasi A.S. bilan Navoiy shahridagi “Yangi hayot” savdo majmuasining 5 va 4-qavat oralig‘idagi eskalatorda muvozanatni yo‘qotib, 1-qavatga tushib ketgan. Fuqaro Sh.T. voqea joyida vafot etgan. Tan jarohati olgan A.S. esa viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga yotqizilgan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1326

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing