Bir balosi bo‘lmasa... Hokimbuvaga sovg‘a qilingan Mercedes'ning ortida korrupsiya bor...mi?

Jamiyat

Avvalroq, fuqaro Toshkent shahar hokimligiga narxi 250 ming AQSH dollari atrofida bo‘lgan Mercedes Benz S500 Hybrid rusumli avtomobilini sovg‘a qilgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu qimmatbaho sovg‘a ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga keltirib chiqardi. Bu hadya ortida korrupsiya alomati yo‘qmikan, deya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining munosabatini kutganlar ham bo‘ldi.

QALAMPIR.UZ Toshkent hokimligiga qimmatbaho avtomobil sovg‘a qilinishiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qanday munosabatda ekanini bilish uchun tashkilot rahbari Akmal Burhonovga mikrofon tutdi.

“Albatta, xabarimiz bor. Bir narsani alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston qonunchiligida davlat idoralariga tadbirkorlar yoki fuqarolar, jismoniy shaxslar tomonidan sovg‘alar berilishi yoki homiylik qilinishi taqiqlanmagan. Shuningdek, sovg‘a yoki homiylikning miqdori ham belgilanmagan. Bugungi kunda nafaqat Toshkent shahrida, balki boshqa viloyatlarda ham homiylik qilinayotgandi. Mahalliy hokimliklarga qimmatliklarni jismoniy shaxslar yoki tadbirkorlar tomonidan berilishi yoki qurilish ishlariga ko‘maklashish holatlari ham yo‘q emas. Bularning barchasi ham xolis, hech qanday manfaatsiz amalga oshirilyapti, deb aytishimiz qiyin. Shu sababli ham xalqaro tajribani ko‘radigan bo‘lsak, bu kabi masalalar aniq tartibga solingan. Ya’ni shaxsiy biznes bilan davlat faoliyati o‘rtasidagi holatlarga aniq chegara qo‘yilgan yoki sovg‘a siyosati, hatto, homiylik ham aniq tartibga solinganini ko‘rishimiz mumkin”, deydi Burhonov.

U so‘zida davom etib, bugungi kunda davlat rahbaridan O‘zbekistondagi manfaatlar to‘qnashuvini aniq tartibga solish bo‘yicha topshiriq bo‘lganini qo‘shimcha qildi. 
Burhonovga ko‘ra, qonun loyihasi ishlab chiqilgan va jamoatchilik muhokamasiga ham qo‘yilgan. Qonun loyihasida davlat xizmatiga ishga qabul qilish, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishda urug‘-aymoqchilikka yo‘q qo‘ymaslik va unga javobgarlik borligi ham aniq belgilab qo‘yilgan.

Agentlik direktori hokimlikka avtomobil sovg‘a qilish kabi holatlar O‘zbekiston qonunchiligida aniq tartibga solinmaganini ta’kidlab, shunday dedi:

“Bugungi kunda O‘zbekistonda homiylik masalasi tartibga solingan. Shahar hokimligiga avtomobil berish kabi holatlar esa aniq tartibga solinmagan. Germaniya tajribasini o‘rgangan holda, homiylik tartibini ham qayta ko‘rib chiqish kerakligini bildik. Ayni shu kabi holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi, nima sababdan bu sovg‘a berilayotgani, manfaatlar to‘qnashuvi bor-yo‘qligi kabi holatlar o‘rganiladi.

Shahar hokimiyati bilan bog‘liq holat ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganildi. Hech qanday qonun buzilish holati yo‘q. Bu voqeani ham boshqa holatlarga guvoh bo‘lganimizdek, qaysidir binoni ta’mirlab berish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida homiylik kabi qabul qilinishini xohlardim. Lekin aytilganidek, qonunchilikda bo‘shliq bor. Yuqoridagi holat ham qonun bilan taqiqlanmagandan keyin bu vaziyatni korrupsiya deyolmaymiz”.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

1089

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing