Yangi O‘zbekistonga meros qolgan eski sud tizimi
Jamiyat
−
29 noyabr 2021
8224Bugun, 29 noyabr kuni QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova murojaatchi Baxtiyor Ханазаровнинг Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha kassatsiya sudining oqlov ajrimi ustidan yozgan kassatsiya shikoyati yuzasidan sud majlisida qatnashish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga bordi.
Soat 11:30 da boshlanishi belgilangan sud majlisi, oradan 2 soat o‘tsa ham boshlanmadi. Sud zali oldida bir emas, bir nechta fuqaro va advokatlar o‘z ishi bo‘yicha sud majlisi boshlanishini kutardi.
Oliy sud xodimlari sud majlislari kechikishining sababi ko‘riladigan ishlar ko‘pligi va har bir jarayonda advokat yoki arizachilarning uzoq ma’ruza qilishida ekanini, ba’zi vaqtlarda esa prokurorlarning kech kelishida ekanini aytib o‘tdi.
Oradan 2,5 soat vaqt o‘tib, sud zali eshigi ochilganida avvalgi ish ko‘rib bo‘linganini payqadik. Ichkaridan esa "tushlik qilib, qolgan ishni davom ettiramiz", degan ovoz eshitildi. Sud zaliga kirib sudyadan izoh so‘raganimizda ish ko‘pligi, tushlik vaqti bo‘lgani uchun ovqatlanib kelishlarini aytishdi. Oradan vaqt o‘tib, qo‘shimcha izoh olish imkoniyati paydo bo‘ldi.
“Biz ham xuddi sizga o‘xshagan insonmiz. Singlim bir dona “perashki” bilan bir piyola choy ichib kelaman. Sizga tushuntirishimga ham vaqt ketyapti. 15-20 daqiqada kelamiz va boshlaymiz. Sud majlislari kech boshlanishini tan olamiz. Bu ishni ko‘pligidan. Sudyalar bir kunda beshtadan ortiq ish ko‘rishi kerak emas, degan qonun chiqishi kerak. Biz yuzlab ish ko‘ramiz. Qonunchilikka o‘zgartirish kiritish kerak. "Nima uchun sudyalarni qiynayapsizlar", deb chiqinglar”, deydi sudya.
QALAMPIR.UZ jurnalisti "sud majlislari doim kech boshlanadimi?", degan savol bilan bir nechta advokatga mikrofon tutishni istadi ammo, ular intervyu berishni xohlashmadi.
Ularning aytishicha, sud majlislari nafaqat Oliy sudda balki tuman sudlarida ham o‘z vaqtida boshlanmaydi. Advokatlar bu holatga bir necha bor e’tiroz bildirishgan lekin foyda bo‘lmagan. Advokatlardan birining aytishicha, u muammolarni aytib, intervyu bersa, boshqa bir bahona bilan litsenziyasidan ham ayrilishi hech gap emas. Advokatlar vaqti o‘g‘irlanayotgani ham mayli shu kunga belgilangan boshqa ishlariga, masalan, bir inson hayoti hal bo‘ladigan tergovga ham tayyorgarliksiz borishga majbur bo‘lishlari haqida aytishdi.
QALAMPIR.UZ sud majlislarining o‘z vaqtida boshlanmasligiga birinchi marta guvoh bo‘layotgani yo‘q. Majlislar surunkali ravishda kechikadi va bu nafaqat Oliy sudda balki hududiy sudlarda ham kuzatilgan.
Sud majlisi vaqtida boshlanishini kutayotganlar OAV xodimi, fuqaro yoki advokat – kim bo‘lishi muhim emas, asosiysi ularning vaqti o‘g‘irlanmasligi va huquqlari buzilmasligi kerak. Yangi O‘zbekistonni eski sud tizimi yoki eskicha ish rejalari bilan qurib bo‘lmaydi.
Siz qatnashgan sud majlislari o‘z vaqtida boshlanganmi?