Videosi tarqalgan deputat ayolning daxlsizligi bekor qilindi
Jamiyat
−
22 noyabr 2021
63857Xabaringiz bor, joriy yilning 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi deputati Feruza Babasheva va shaxsi noma’lum bo‘lgan bir erkakning nomaqbul vaziyatdagi videosi jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Bugun, 22 noyabr kuni soat 12:00 da O‘rtachirchiq tuman hokimligi binosida tuman deputatlari sessiyasi bo‘lib o‘tishi reja qilingan edi. QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova belgilangan manzilga yetib bordi.
“Deputat Feruza Jo‘rabekovna bilan yuz bergan holat ham muhokama qilinishi aytilgan majlis soat 12:00 da boshlandi. Ammo, sessiyaga OAV vakillari kiritilmadi. Bu holatga sabab qilib, faqat shakllantirilgan ro‘yxat asosida kirish mumkinligi haqida aytishdi. Sessiya yopiq tarzda o‘tkazildi”, deydi Feruza Najmiddinova.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashining namunaviy reglamentini va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 12-moddasida sessiyalar ochiq, oshkora o‘tkazilishi va OAV xodimlari tomonidan yoritilishi belgilangan. Zarur hollarda esa, sessiyalar yopiq tarzda o‘tkazilishi mumkinligi haqida alohida qayd etilgan.
Sessiya roppa-rosa bir soat davom etdi. Yopiq tarzda o‘tkazilgan majlisdan chiqqan deputat Feruza Babasheva QALAMPIR.UZ’ga yig‘ilish haqida o‘z fikrini ma’lum qildi.
“Oltinchi masalani birinchi masalaga o‘tkizib qo‘yishdi, ya’ni mening xususimdagi holatni birinchi masalada ko‘rdik. Majlis yopiq tartibda o‘tdi. Viloyat prokurori bo‘lgan Muhiddin Qiyomovning arizasi bo‘yicha ekan. Hozir o‘sha ariza bo‘yicha daxlsizligim sud o‘tgunga qadar yechildi, deputatlikda qoldim”, deydi Babasheva.
Feruza Babasheva o‘z so‘zi davomida sessiyaga OAV vakillari kiritilmagani, telefondan foydalanish man qilingani haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Barcha telefonsiz kiritildi. Aslida, hech qachon sessiyaga telefonsiz kirmaganmiz. Bu holat birinchi marta bo‘ldi. Hammaning telefonini yig‘ishtirib, olib qo‘yishdi. Lekin men “Telefonsiz kirmayman”, dedim va telefonimni ovozsiz qilib qo‘yishimni so‘rashdi. Orada “Syomka” qilish mumkinmi?”, degan savol berganimda, “Yo‘q”, deb javob berishdi. Qaysi deputat nima degani haqida “syomka” qilmoqchi edim, ruxsat berishmadi. Birinchi oltita masala aytilganning o‘zidayoq, doimiy komissiya raisi turib, sessiyani yopiq tarzda o‘tkazish taklifini qo‘ydi. Hamma deputatlar qo‘l ko‘tardi”, deydi Feruza.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda deputat Feruza Babasheva va noma’lum erkakning nomaqbul vaziyatdagi videosi tarqaldi. Jamoatchilik shaxsiy hayot daxlsizligini buzuvchi videolar tarqatilishini deputat ayolning sha’ni va obro‘siga putur yetkazish uchun uyushtirilganini aytib, bu ishni qoraladi.
Toshkent viloyati IIBB holatga munosabat bildirib, holat “Xavfsiz tun” tadbiri doirasida aniqlangan ishratxonada tasvirga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, reyd vaqtida olingan tasvirlarni tarqatganlarni aniqlash ishlar boshlanganini bildirdi.
Kecha, 18 noyabr kuni xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi odob komissiyasining Feruza Babasheva ishi ko‘rilishi kerak bo‘lgan majlisi qoldirildi.
LiveBarchasi