“Zamdekan” tajovuz qilgani aytilgan talaba qizning ahvoli qanday?
Jamiyat
−
17 noyabr 2021
38126Joriy yilning 27 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat pedagogika universiteti dekan o‘rinbosari 3-kursda o‘quvchi talaba Mushtariy Komilovaga tajovuz qilib, niyatiga yetolmagach, uni derazadan itarib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq voqea 18 oktyabr kuni sodir bo‘lgani oydinlashdi. SSV talaba qiz og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida ma’lumot berdi.
Voqeaga qariyb bir oy to‘lganida QALAMPIR.UZ jurnalisti Mushtariy Komilovaning onasi Dildora Komilova bilan telefon orqali bog‘lanib, talaba qizning bugungi holati haqida ma’lumot oldi. Uning aytishicha, qizning ahvoli yaxshilangan.
“Ancha yaxshi, qoniqarli holatda. Bugun shifoxonadan chiqdik. Mushtariyga korset taqildi, endi bir oy uyda muolajalarni davom ettiradi”, deydi Dildora Komilova.
U tergov harakatlari haqida ham ma’lumot berib, Mushtariy Komilova tahsil olayotgan fakultet dekanati tomonidan qiziga tazyiqlar bo‘lmayaptimi, degan savolga javob berdi.
“Tergov ishi 2 oy davom etar ekan. Biz tomondan hamma narsani surishtirib bo‘lishdi. Endi u tarafda surishtiruv qilishmoqda. Fakultetida “O‘zi shunaqa edi, boshqa edi”, deb gap tarqatishdi. Lekin universitetning yotoqxonasida ishlaydigan xodimning aytishicha, u kishining o‘zi shunday ekan. Yotoqxonadagi qizlarni ham boshini aylantirib yurgan ekan. Hozir shu asosida ham tergov harakatlari davom etmoqda. Qizim hali yurmay, ikki oy shu tarzda yotishi kerak ekan. Bir oydan so‘ng shifoxonadan chiqib ketsak, yana bir oy uyda ham yotishi kerak. Tosh suyagidagi uchta joyi singan. Ozgina murakkabroq joy ekan, shu sababli yotishi kerak deyishdi”, deydi talabaning onasi tergovning borishi haqida.
U so‘zida davom etib, tergovchilar shifoxonaga ham kelib tergov o‘tkazishganini, voqea yuz bergan xonadagi divandan qizining sochi tolalari topilganini qo‘shimcha qildi.
“Voqea bo‘lgan joyda sochidan tortib divanga yotqizganda soch tolalari qolgan ekan. Shu sababli solishtirish uchun sochi va qonidan ekspertizaga olib ketishdi. Ekspertiza natijalarini kutishayotgan ekan. Mushtariy oyoqqa turganidan keyin sud bo‘lar ekan. Voqea OAVda e’lon qilinganidan keyin bir ikki kun universitet rektori kelgan edi. “Yordam kerak bo‘lsa”, deb telefon raqamini ham tashlab ketgandi. Lekin, o‘shandan beri o‘qituvchilari ham, rektor ham, hech kim kelgani yo‘q. O‘qish bo‘yicha o‘zim telefon qilib, “Oraliqlarini keyin topshirsa ham, bu ikki oyni onlayn ta’lim qilib beringlar”, deb aytdim. Hozirgacha natija yo‘q. Shu vaqtgacha shifoxonada bo‘lganim sababli universitetga bora olmadim. Endi borib, onlayn ta’lim masalasini gaplashaman. “Zamdekan”i Durdona opaga aytgan edim. “Dekan bilan gaplashib ko‘raman”, deganicha hali telefon qilgani yo‘q. Unga ham 4-5 kun bo‘ldi”, deydi Dildora Komilova
Ma’lumot uchun, jabrlanuvchi Mushtaribonu Komilovaning iddaosiga ko‘ra, u joriy yilning 18 oktyabr kuni “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev xonasiga kirgan. Dekan xonasidan hamma chiqib ketgach, eshikni qulflab, unga tegajog‘lik qilgan. Qizni divanga yotqizmoqchi bo‘lganda, u qarshilk ko‘rsatgan va deraza oldiga borib qolgan. Niyatiga yetolmagan Bog‘abek Yo‘ldoshev uni itarib yuborgan.
Shu bilan birga, dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev tergov vaqtida talaba qizning o‘zi yigitidan qo‘rqib derazadan sakraganini aytgan.
Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etish kerakki, ushbu holatga mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, “talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo” ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi