Eron Isroildan qasos oldi...mi?

Tahlil

Kecha kunning ikkinchi qismidan to oxirigacha bo‘lgan vaqt ichida Isroil beqarorlik va tutun ichida qoldi. Dastlab mamlakatda sodir bo‘lgan terrorchilik akti va uning oqibatida bir qancha insonlarning halok bo‘lishidan boshlangan mojaroli soatlar tunga borib, Eronning mamlakatga qilgan misli ko‘rilmagan raketa hujumi bilan davom etdi. 1 oktyabr kechki payt Eron tomonidan Isroilga keng ko‘lamli ballistik raketa hujumi uyushtirildi. Eron tomonidan o‘ta jiddiy va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadigan qarshilik o‘qi harakatining rahbarlari birin-ketin qirib tashlanishi uchun ma’lum darajada javob deya ta’kidlanayotgan ushbu hujum bir qator jabhalarda tarixdan joy oldi. Xususan, bu rasmiy Tehronning Isroilga qilgan tarixdagi eng katta raketa hujumi bo‘ldi. Bundan tashqari, Ismoil Xoniya va Hasan Nasrulloh hamda boshqa rahbarlarning o‘limi uchun berilgan mazkur javobda Eron tarixda ilk bor Isroil poytaxti Tel-Avivni nishonga oldi. Shuningdek, Eron telekanallariga ko‘ra, tundagi mojaroda mamlakat birinchi bor Isroilga qarshi gipertovushli quroldan foydalangan. Isroil rasmiy doiralari esa mazkur hujumga jiddiy javob berilishi va bu bir qator oqibatlarga olib kelishi haqida bayonot berdi. Xo‘sh, kecha Isroildagi halokatli terakt va unga ulangan keng miqyosdagi havo hujumi qanday ro‘y berdi? Quyida shu haqida to‘xtalamiz.

Ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq

29 sentyabr kuni Eronda Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Mas’ud Pezeshkiyonning ta’kidlashicha, AQSH va Yevropa davlatlari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish evaziga, Erondan HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishi uchun Isroilga qasos zarbasi yo‘llamaslikni so‘ragan. Ammo ma’lum vaqt o‘tib, G‘arbning mazkur va’dasi puch bo‘lib chiqqan.

“Sionistik rejimning jinoyatlarini qabul qilib bo‘lmaydi va ular javobsiz qolmaydi. AQSH va Yevropa davlatlari rahbarlarining Eron Xoniya o‘ldirilishiga reaksiya bildirmasligi evaziga o‘t ochishni to‘xtatishga va’da bergan bayonotlari butunlay yolg‘on edi. Bunday jinoyatchilarga imkoniyat berish ularni yanada ko‘proq jinoyat sodir etishga undaydi”, degan Pezeshkiyon.

Eron Prezidentining bayonotlari mamlakatda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Tehron G‘azo sektoridagi Isroil hujumlarini butunlay to‘xtatish evaziga hujum qilish niyatidan voz kechgani haqidagi da’volar o‘z tasdig‘ini topganday bo‘ldi. Kechasi bir guruh faollar Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi oldida yig‘ilib, rasmiylardan bu bayonotlarga javob berishni talab qilishdi. Xoniya o‘limi uchun xun olish haqidagi rasmiy Tehrondan yo‘llangan bayonotlar ham deyarli unutilib bo‘lgandi. Biroq 27 sentyabr kuni Eron tomonidan qattiq qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” harakatining 32 yillik yetakchisi Hasan Nasrullohning Bayrut janubidagi bunkerda Isroil tomonidan yo‘q qilinishi Xoniya mavzusini ham yana kun tartibiga qaytardi. Rasmiy doiralarda qasos haqidagi gap-so‘zlar yana yangilandi. HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyaning xuni uchun G‘azodagi tinchlik bilan pishmagan savdoni amalga oshirgan Eron, Nasrulloh o‘limi yuzasidan bunday qarorga kelmadi. 

Kecha, 1 oktyabr kuni tushdan keyin dunyo OAV Isroil rasmiylariga tayanib, yaqin soatlarda Eron tomonidan havo hujumi uyushtirilishi mumkin yoki muqarrar ekani haqidagi xabarlarni sizdira boshladi. AQSH ham Isroilni Eron unga ballistik raketalar bilan hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirdi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning ogohlantirishi mahalliy vaqt bilan tushga yaqin yetib kelgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur jarayon 12 soat ichida amalga oshishi aytilgandi. Ammo rasmiy Tehronning qasos zarbasi o‘zini uzoq kuttirmadi. 

Biroq Eron hujumidan oldin yana bir qonli hodisa ro‘y berdi. Isroil poytaxtida ikki noma’lum qurollangan shaxs tomonidan tinch aholiga nisbatan terakt uyushtirildi. Tel-Aviv shahridagi Yaffa hududida otishma va qurolli hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘lib, 10 kishi yaralandi. Bu hodisa Eron Isroilga yirik raketa hujumini uyushtirishidan bir necha daqiqa oldin sodir bo‘ldi. Ikki erkak tramvay bekatida va unga yaqin bo‘lgan ko‘chada tinch aholiga o‘t ochib, ularni halok qilgan. Yaradorlardan 5 nafarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Videokuzatuv kamerasi tasvirlariga ko‘ra, to‘pponcha va pichoq bilan qurollangan qora kiyimli ikki erkak temiryo‘l bekati yaqinida poyezddan tushib, o‘tkinchilarga o‘t ochgan. Ammo terakt uzoq davom etmagan. Jangarilar Isroil huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan yo‘q qilingan. Ammo bu shu kuni Isroil uchun boshlanishi edi, xolos. 

Hujum

Tez orada SAXAL isroilliklarni Eron raketalarini uchirayotgani haqida ogohlantirdi. U mamlakat aholisini “hushyor bo‘lishga va orqa qo‘mondonlik ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishga” chaqirdi. Isroil bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Ma’lum vaqt o‘tib esa Erondagi Isfahon hududidan raketalar uchirilayotgani aks etgan tasvirlar paydo bo‘la boshladi. Mamlakat ustidagi havo hududi yopildi. Isroilning gazetalari bu zarbani tarixdagi eng yirik hujum deb atadi. Ularga ko‘ra, Erondan Isroilga jami 500 ga yaqin raketa uchirilgan. Ammo Eron tomoni bu raqamlarni tasdiqlamadi. Ularga ko‘ra, yahudiy davlatiga qarata uchirilgan raketalar soni 400 ga yaqin. Bu bir yil ichida Eronning Isroilga qilgan ikkinchi havo hujumi edi. Bundan oldin joriy yil aprel oyida Isroil tomonidan Damashqdagi Eron konsulligida ikki general va besh zobit o‘ldirilganiga javoban rasmiy Tehron yahudiy davlatiga 170 ga yaqin raketa bilan zarba yo‘llagandi. Bu galgisi esa, o‘sha hujumdan ikki barobar kattaroq va jiddiyroq bo‘ldi. Pentagon matbuot kotibi general-mayor Patrik Rayder ham mazkur da’voni tasdiqlab, Eronning Isroilga qarshi bu safargi hujumi aprel oyidagi Eron hujumidan ikki baravar katta ekanligini aytdi. 

“Reuters”ga ko‘ra, hujum shaxsan Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy buyrug‘iga binoan amalga oshirilgan. Raketalar yuqorida ta’kidlaganimizdek, Tel-Avivni ham cheklab o‘tmagan va bu mazkur ikki davlat o‘rtasidagi mojarolar tarixida yangi sahifa bo‘ldi. Shu kuni Isroil harbiy qudratining yuziga aylangan havo hujumidan mudofaa tizimi – “Temir gumbaz” ishonchni to‘liq oqlay olmadi. Eronning aksariyat zarbalari mazkur mudofaa tizimini yorib o‘tdi. 

Isroilga yetkazilgan zararning aniq ko‘lami noaniq bo‘lib qolmoqda. Ammo xabarlarga ko‘ra, Eron raketalaridan biri mamlakat razvedka agentligi “Mossad”ning Tel-Avivdagi shtab-kvartirasining yonginasiga kelib tushgan. CNN va “The Guardian” kabi ommaviy axborot vositalari “Mossad” shtab-kvartirasidan unchalik uzoq bo‘lmagan nuqtaga raketalardan biri kelib urilgani va undan keyin qolgan yirik krater haqida xabar berishdi. Hisobotlardan birida raketa “Mossad” shtab-kvartirasidan taxminan 300-400 metr masofaga kelib tushgani aytiladi. Suratlarda ushbu kraterning chuqurligi 10 kengligi esa 15 metr ekanligini ko‘rish mumkin.

Eron davlat matbuotiga ko‘ra, mazkur keng ko‘lamli hujumda Eronning yangi Fath nomli gipertovushli ballistik raketalari ham birinchi marta ishlatilgan. Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi o‘z bayonotida raketalar hujumi harbiy va xavfsizlik maqsadlariga qaratilganligini ma’lum qildi. Korpus o‘z maqsadlarini ochiqlar ekan, ularning kechagi hujumi Isroil hududidagi uchta harbiy bazaga qaratilganini aytdi. Biroz vaqt o‘tib esa Isroildagi eng muhim aviabazalaridan biri Nevatim butunlay vayron qilinib, u yerda saqlanayotgan 20 dan ortiq 5-avlod F-35 uchoqlari yo‘q qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq Isroil tomoni hozirgacha bunday talafotlarni emas, balki Eron raketalarining ushlab qolingani yoki ularning aholi punktlaridan uzoqqa tushgan tasvirlarinigina e’lon qildi. 

Isroil va uning eng yaqin ittifoqchisi AQSH, ularning harbiylari Eron tomonidan otilgan snaryadlarning aksariyatini ushlab qolish uchun birgalikda ishladi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, Isroilning markaziy va janubiy qismlarida raketalar o‘z manzillariga yetib borgan. Tel-Aviv hududida shrapnel sachrashidan ikki kishi yaralangan, deya xabar berildi. 

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi otilgan snaryadlarning 90 foizi o‘z nishonlariga yetib borganini da’vo qildi. Biroq AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar va Isroil hujumni qaytarishda birgalikda harakat qilgan, Isroilda esa hech qanday o‘lim holati qayd etilmagan va shu bois bu hujum samarasiz va mag‘lubiyatga uchragan. 

General va yetakchilar uchun javobmi yoki ….?

Eron tomonidan qo‘llanadigan “Hizbulloh” harakati o‘tgan yili oktyabr oyida G‘azodagi qirg‘in boshlanganidan ko‘p o‘tmay Shimoliy Isroilga raketa otishni boshladi va qamal qilingan anklavda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganini aytdi. O‘sha vaqtdan beri Isroil harbiylari “Hizbulloh” bilan Isroil-Livan chegarasi orqali o‘t almashib kelmoqda. Bu esa Livan va Isroil chegarasida ikki tomondan ham ko‘plab tinch aholi o‘z uy-joylarini tashlab ketishiga olib keldi. So‘nggi bir oy ichida Isroil harbiylari Livanga hujumlarini kuchaytirib, poytaxt Bayrutdagi nishonlarni urib yakson qildi. “Hizbulloh” yetakchilarining barchasi qisqa vaqt ichida o‘yindan chiqarildi. Bu esa mintaqada Eron va Isroil boshchiligida katta ko‘lamdagi eskalatsiya xavfini kuchaytirdi. Bundan tashqari, “Hizbulloh” joylashib olgan Livan poytaxti Bayrutning janubidagi hududlar bir necha bor Isroilning raketa hujumlariga duchor bo‘ldi. 

1 oktyabrga o‘tar kechasi esa SAXAL Livan janubida “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdagi operatsiya boshlanganini e’lon qildi va chegarada Isroil harbiy texnikalari qalashib turgan tasvirlar ham tarqaldi. Mazkur voqeadan 24 soat o‘tar-o‘tmas, Eronning Isroilga tarixdagi eng yirik havo hujumi ro‘y berdi. Ammo Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa seshanba kungi hujum Livanning “Hizbulloh” harakati rahbari Hasan Nasrulloh va korpus qo‘mondoni Abbos Nilforoushanning Bayrutda o‘ldirilishi hamda iyul oyida Tehronda HAMAS harakatining siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishiga javoban uyushtirilganini e’lon qildi. Eronning mazkur bayonotiga qaramay, hujum uyushtirilgan vaqt va sharoit baribir shubhaliligicha qolmoqda. Sababi Isroilning shimoliy hududlari bilan chegaralangan Livan davlati va uning hududidagi eng asosiy kuchlardan biri “Hizbulloh” harakati so‘nggi kunlarda juda mushkul ahvolda qoldi. Harakatning aloqa tizimi katta ehtimol “Mossad” tomonidan qilingan peyjerlar operatsiyasidan keyin jiddiy shikastlandi. Eron tomonidan har tomonlama qo‘llanadigan harakat Ibrohim Oqil va Nasrulloh kabi yetakchilarga qilingan suiqasd ortidan deyarli boshsiz qoldi. Ayni damda voqealar rivoji “Hizbulloh”ning Livandan butkul quvib chiqarilishi va eng so‘ngida bu yerda Eron ta’sirining tugashiga qarab ketayotganday taassurot uyg‘otayotgandi. Rasmiy Tel-Aviv maqsadi esa Livanning Isroil bilan chegaradosh janubiy qismi, yana bir qator viloyatlar va Bayrutning janubiy hududlarini deyarli o‘z nazoratiga olgan “Hizbulloh” harakatini iloji boricha to‘liq bostirish edi. Harakatlar rahbarlarining o‘limi va Isroil rasmiylarining qo‘pol ritorikasi shundan dalolat berayotgandi. Aynan shu voqeliklar 1 oktyabr kunidagi Eronning Isroilga qilgan havo hujumi qasos emas, balki Livandagi siyosiy ta’sirni saqlab qolish manfaati bilan yuz bergan bo‘lishi mumkin degan qarash shakllanishiga asos bo‘ladi. 

Xalqaro reaksiya

Eron va Isroil o‘rtasida kuchayib ketgan va barchani xavotirga solayotgan mazkur mojaroga eng noodatiy tarif doimgidek AQSH sobiq prezidenti Donald Trampdan yangradi. U Eron va Isroilni maktab hovlisida urishayotgan bolalarga qiyosladi. Biroq Tramp bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytib, mazkur voqealarda har doimgidek Bayden va Kamola Harrisni aybladi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Eron katta xatoga yo‘l qo‘yganini va buning uchun yetarlicha badal to‘lashini aytdi. Isroilning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi vakili Dani Danon mamlakat Isroil fuqarolarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qildi va ijtimoiy tarmoqlarda “Isroilga hujum qilgan har qanday dushman jiddiy javob kutishi kerak”, deb yozdi. 

AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroilni jiddiy qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. Davlat departamenti vakili Metyu Miller esa Vashington ushbu muhim daqiqada Isroil xalqi yonida turishini aytdi. Pentagon rahbari Lloyd Ostin va uning isroillik hamkasbi Yoav Gallant so‘nggi 48 soat davomida uzluksiz aloqada. Ularning muhokama mavzusi dastlab, Isroilning Livan janubiga uyushtirmoqchi bo‘lgan quruqlik operatsiyasi haqida bo‘lgan bo‘lsa, keyingi 24 soat ichida Isroilning o‘zini yirik hujumdan qaytarishga o‘zgardi. Shunday qilib, yahudiy davlati mazkur hujumga jiddiy javob berish bilan tahdid qildi. Isroil harbiy voizi Daniel Hagariy Isroil Eron hujumiga qarshi qasos olishga to‘liq tayyor ekanligini aytib, bu o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’kidladi. Oq uy maslahatchisi Sallivanning bildirishicha, Bayden ma’muriyati ushbu hujumning oqibatlari juda og‘ir bo‘lishini aniq aytdi va AQSH bu ishni amalga oshirish uchun Isroil bilan ishlashini ma’lum qildi. Biroq “The New York Times”ning xabar berishicha, Eronga Isroil va Qo‘shma Shtatlarning muvofiqlashtirilgan hujumi yuz bergan taqdirda rasmiy Tehron ularga qarshi yuzlab raketalarni tayyorlab qo‘ygan. Katta urushga aylanib ketishga moyil bo‘lgan mazkur mojaro yuzasidan Eron rasmiylari so‘zga chiqdi. Ular Isroilga raketa zarbasi Eron manfaatlari va fuqarolarini himoya qilish uchun yo‘llangani va bu mamlakat suverenitetiga qilingan tajovuzga nisbatan javob ekanini aytishdi. 

Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon esa ushbu hujum mamlakat asl kuchining faqatgina bir qismi ekanini ta’kidladi. 

“Bu harakat Eron manfaatlari va fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan edi. Netanyaxuga Eron urushqoq emasligini, lekin u har qanday tahdidga qat’iy qarshi turishini bildirish uchun. Eron bilan ziddiyatga tushmang”, deb yozdi Prezident.

Mazkur voqealar fonida Erondagi barcha reyslar 3 oktabrga qadar bekor qilindi. Mazkur qaror nafaqat Eron, balki butun mintaqa bo‘ylab amalga oshiriladigan parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingani aytilmoqda. Isroilga qilingan raketa hujumi ta’siri Yaqin Sharq mintaqasi tashqarisiga ham sezilgandek bo‘ldi. Xususan, “Reuters” Daniya politsiyasi Isroilning Kopengagendagi elchixonasi yaqinida ikkita portlash sodir bo‘lgani haqidagi xabarlarni tarqatdi. Ma’lum qilinishicha, ayni damda mazkur ish yuzasidan tergov davom etmoqda. 

Xullas, Eron va Isroil mojarosi Yaqin Sharq mintaqasidagi mamlakatlar uchun qiyin tanlov va bu yerdagi harakatlar uchun muhim daqiqalar bo‘ldi. Bir yoqda Iordaniya Eron raketalarini tutib qolish va Isroilni himoya qilish uchun AQSHga o‘z hududidan foydalanishga ruxsat bergan bo‘lsa, Iroqdagi eronparast kuchlar agar AQSH Isroilga qo‘shilib, Eronga zarba yo‘llasa, uning mamlakatda joylashgan harbiy bazalariga hujum qilishi haqida ogohlantirdi. Xorij nashrlari Isroil rasmiylariga tayangan holda Eronga bir necha kun ichida javob qaytarilishi va bu haqda allaqachon Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida qaror qilingani haqida xabar bergan bo‘lsa, Yaman husiylari Eron bilan birgalikda Isroilga qarshi har qanday qo‘shma harbiy amaliyotda qatnashishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Shunday qilib, “Axios” portali ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil javob zarbasi haqida qaror qabul qilgan, ammo uning amalga oshirilishidagi detallarni ochiqlamagan. Rasmiy Tel-Aviv Eronning joriy yil apreldagi hujumidan so‘ng ham o‘zini shunday tutgandi. Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Gallant va bir qancha mas’ul shaxslar Eronning ushbu raketa hujumlariga javob berishni muhokama qilish uchun yig‘ilgandi. Ammo javob zarbasi qachon va qay tarzda amalga oshirilishi haqida hech qanday ma’lumotlar berilmadi. Biroq bahorda Eronning Isroilga uyushtirgan keng ko‘lamdagi havo hujumidan roppa-rosa bir oy o‘tib, joriy yilning 19 may kuni Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda Raisiy bilan birga bir qator rasmiylar ham halok bo‘ldi. Odatda mamlakatdagi oddiy namoyishlar bo‘lsin yoki katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladigan voqealar, fojialarda birinchi daqiqalardayoq va yetarli faktlarsiz ochiqdan-ochiq Isroilni ayblaydigan Eron o‘sha safar Raisiy va boshqa muhim shaxslarning o‘limini noqulay ob-havoning uchishga xalal bergani va vertolyotning texnik nosozligi kabi omillar bilan bog‘lagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa Eron Isroil HAMAS Tel'-Aviv Hizbulloh TsAXAL Ismoil Xoniya Hasan Nasrulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing