XJS Netanyaxuni hibsga olish uchun order berdi
Olam
−
21 noyabr
8789Xalqaro jinoiy sudning (XJS) sudgacha bo‘lgan palatasi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi. Bu haqda XJSning tegishli bayonoti e’lon qilindi.
Qaror 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha sodir etilgan "insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari” tufayli qabul qilindi. Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar XJS buyrug‘ini bajarishlari shart.
XJS ma’lumotlariga ko‘ra, sud Binyamin Netanyaxu va Yoav Galant G‘azo sektoridagi "tinch aholini omon qolish uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy buyumlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan ataylab mahrum qilgan" deb ishonish uchun asosga ega.
Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar, shuningdek, boshqa davlatlar rahbarlarining ogohlantirish va chaqiriqlariga qaramay, Isroil faqat “minimal gumanitar yordam”ga ruxsat berdi. Bunday cheklovlar uchun "aniq harbiy zarurat yoki boshqa asoslar" aniqlanmagan. Shu munosabat bilan XJS palatasi Binyamin Netanyaxu va Yoav Galant ochlikdan urush usuli sifatida foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi, deb gumon qilmoqda.
Shuningdek, 2024 yil yozida Isroil havo hujumida halok bo‘lgan HAMAS qo‘mondoni Muhammad Deifni hibsga olish uchun order ham chiqarilgan. Prokuraturada uning 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil va Falastin hududlarida sodir etgan harbiy jinoyatlari haqida ma’lumotlar bor.
"Uning o‘limi haqidagi ma’lumotlar hali ham tekshirilmoqda", deyiladi bayonotda.
XJS Isroilning o‘z fuqarolariga qarshi order berish bo‘yicha sud yurisdiksiyasiga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan dalillarini rad etdi. Isroil XJSning Rim statutiga qo‘shilmagan va uning yurisdiksiyasini tan olmaydi. Isroil bosh vaziri maslahatchisining aytishicha, hibsga olishga order berish orqali Xalqaro jinoiy sud Isroilga qarshi “mintaqaviy urush” tarafini olgan.
Eslatib o‘tamiz, XJS prokurori Karim Xon 2024 yil may oyida Binyamin Netanyaxu, Yoav Galant va HAMASning uchta yetakchisini (ulardan ikkitasi vafot etgan) hibsga olish uchun order berishni so‘ragandi. Yaqinda unga nisbatan sud xodimiga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda ayblovlar qo‘yildi. U barcha ayblovlarni rad etib, o‘ziga va idorasiga qarshi "dezinformatsiya kampaniyasi" olib borilayotganini da’vo qildi. Noyabr oyida XJS o‘z tergovini boshladi.