Gretsiya Turkiya bilan chegarada 40 kilometrlik devor qurdi
Olam
−
23 avgust 2021
5973Gretsiya Afg‘onistondan muhojirlar oqimi ko‘payishidan qo‘rqib, Turkiya bilan chegarada 40 kilometrlik devor va kuzatuv tizimini o‘rnatdi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.
“Biz passivlik bilan muhojirlar kirib kelishining oqibati nima bo‘lar ekan, deya kutib o‘tirolmaymiz. Chegaralarimiz daxlsizligicha qoladi”, degan Gretsiya fuqarolarini himoya qilish vaziri Mixalis Xrisoxoidis.
Qayd etilishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan suhbatda Afg‘onistondan chiqib ketayotganlar sonining keskin oshishi hamma uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkinligini aytgan.
“Afg‘oniston va Eronda zarur choralar ko‘rilmasa, migratsiyaning yangi to‘lqini kuzatilishi muqarrar”, deydi Erdo‘g‘an.
Xabarda ta’kidlanishicha, “Tolibon” Afg‘oniston hokimiyatini tez egallab olishi ko‘plab afg‘onlarni noqonuniy ravishda mamlakatni tark etishga majbur qilgan. Shuningdek, Afg‘onistondagi inqiroz Yevropada noqonuniy muhojirlar soni oshishiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2015 yil Yaqin Sharqdagi urush tufayli bir milliondan ortiq qochqin Turkiya orqali Yevropa Ittifoqiga o‘tganida Gretsiya migratsiya inqiroziga uchragan birinchi Yevropa davlati bo‘lgandi.
Qochoqlarning aksariyati Yevropaning boshqa shimoldagi davlatlariga ketgan, biroq 60 mingga yaqin odam Gretsiyada qolgan.
Hozirda Gretsiya hukumati mamlakatga noqonuniy kirishga urinayotgan barcha afg‘onlarni qaytarib yuborishga tayyor ekanini ma’lum qilib, ogohlantirmoqda.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili Erdo‘g‘an Turkiya muhojirlarning Yevropa Ittifoqiga kirishi uchun chegarani ochganini aytgach, Afina muhojirlarga boshpana berish uchun arizalarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatgandi.
Avvalroq, Erdo‘g‘an Afg‘onistondagi vaziyat sabab yangi migratsiya oqimi yuzaga kelishi haqida gapirib, Turkiya Yevropaning qochqinlar “omborxonasi” emasligini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi