Prezident Mirziyoyevning olimpiyachilar bilan uchrashuvidan fotoreportaj
Jamiyat
−
13 avgust 2021
9339Avval xabar berganimizdek, bugun, 13 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio Olimpiadasi sovrindorlari, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashdi.
Davlat rahbari uchrashuvda Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari hamda ularning ota-onalariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, marosimda Shavkat Mirziyoyevning “Tokio Olimpiadasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz hamda ularning murabbiylari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni o‘qib eshittirildi.
Farmonga muvofiq, Prezident tomonidan Olimpiada g‘olib va sovrindorlari davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Olimpiada afsonasiga aylangan Oksana Chusovitinaga Tokio Olimpiadasidagi ishtiroki hamda O‘zbekiston gimnastikasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni berildi. Bundan tashqari, sportchilarning murabbiylari va Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan ishtirokchilarga pul mukofotlari taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 iyulidan 8 avgustiga qadar Yaponiya poytaxti Tokioda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada 67 nafar vakil 17 ta sport turida O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Ular joriy yilning 9 avgust kuni Vataniga qaytdi va Toshkent xalqaro aeroportida munosib kutib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston vakillari Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida umumiy hisobda 5 ta medal qo‘lga kiritdi va jahon reytingida 32-o‘rinni band etdi. Qayd etish kerakki, ushbu natija turkiyzabon hamda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lish uchun yetarli bo‘ldi.
Tokioda Ulug‘bek Rashidov (taekvondo), Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika) va Bahodir Jalolov (boks) oltin, Davlat Bobonov (dzyudo) va Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash) esa bronza medaliga ega chiqdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Oltin medal qo‘lga kiritgan sportchilarga 200 000 dollar, bronza medal sohiblariga 50 000 dollar mukofot puli berilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Olimpiadaga litsenziya olgan 67 nafar sportchining har biri 100 million so‘m, murabbiy esa 50 million so‘m bilan rag‘batlantirilgan edi. Bundan tashqari, joriy yilning 9 avgust kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Olimpiya chempionligini qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rashidov, Akbar Jo‘rayev va Bahodir Jalolov Tahoe avtomobili hamda uch xonali “kottej” bilan, bronza medalga ega bo‘lgan Behzod Abdurahmonov hamda Davlat Bobonov TrailBlazer va ikki xonali uy bilan taqdirlandi.
LiveBarchasi