Armanlar qabrlardagi mayit suyaklarini chiqarib, atrofga sochgan — 29 yilda Vataniga qaytgan qorabog‘lik hikoyasi

Olam

Xabaringiz bor, QALAMPIR.UZ Ozarbayjonga sayohati davomida qurolli to‘qnashuvlar kechgan Tog‘li Qorabog‘ning Fuzuli tumaniga bordi. Fuzuli tumani ham boshqa hududlar qatori 1992 yilda Armaniston tomonidan ishg‘ol qilingan. 1993 yildan buyon Fuzuli shahrida hech kim istiqomat qilmaydi. Armaniston bosib olgan bu hududda ko‘p qavatli uylar, hovlilar, karvonsaroy, park, masjid, qabriston va nashriyotlar bo‘lgan. Armanlar egallashidan oldin hududda 20 ming odam istiqomat qilgan.

Gajar qishlog‘ida oilasi bilan yashagan, bugungi kunda Fuzuli tumani ijro hokimiyati ma’muri bo‘lib faoliyat olib borayotgan Bayram Neftaliyev QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda urush sabab o‘z uyini 11 yoshida tashlab ketishga majbur bo‘lgani, uyi va oilasi haqida gapirdi.

“Fuzulidan 10 km uzoqda Gajar qishlog‘ida tug‘ilganman. Uyimiz joylashgan hudud Armaniston tomonidan bosib olinganda men 11 yoshda edim. Oilamiz bilan birga uyimizni tashlab ketishga majbur bo‘lganmiz. Hozir 39 yoshdaman va 29 yil o‘tib uyim atrofiga kelish imkoniyati paydo bo‘ldi. Uyimiz oldiga borar ekanman, yonib ketganini ko‘rish men uchun juda ham og‘ir.

Bu yerlardan ketishga majbur bo‘lganimizdan so‘ng, Baku, Beylaqonda yashadik. Bu yerdan ketgan vaqtimiz yosh bola edim. Dadam ketishimiz kerakligini aytganlari hali ham yodimda. O‘sha vaqtlarda yosh bola bo‘lganim sabab hech narsani his qilmagandirman, lekin ota-onamga juda qiyin bo‘lganini sezganman.

Oradan 29 yil o‘tib tug‘ilgan joyimga qaytish – baxt. Quvonchimdan yig‘ladim, to‘g‘risi. Lekin uyimizni vayrona holatidaligini ko‘rib juda xafa bo‘ldim. Farzandlarimga bu tug‘ilgan va ota-bobolarimiz yashagan tuproq ekani, bu yerda yashaydiganlarning barchasi Armaniston bosib olganidan so‘ng ketishga majbur bo‘lganlari haqida ko‘p aytaman.

Bu tuproq bizniki, bu yerlarda ota-bobolarimiz yashadi, biz yashadik, endi farzandlarimiz yashaydi” , deydi Bayram Neftaliyev.

Tuman bo‘ylab sayohat qilish davomida ma’lum bo‘ldiki, hudud armanlar tomnidan minalashtirilgan va erkin harakatlanish hayot uchun xavfli. Armaniston hukumati sulhga ko‘ra qaytartilgan hududlardagi minalashtirilgan maydonlar xaritasini xalqaro qonunchilikka zid ravishda bermay kelmoqda. Qahramonimiz bolalik xotiralari bilan o‘rtoqlashish asnosida hududdagi XVII asr oxirida qurilgan karvonsaroy haqida so‘zlab berdi.

 “Fuzuli tumanining ishg‘oldan ozod bo‘lgan Qarg‘a bozori el orasida Shoh Abbos karvonsaroyi ham deb atalgan. Bu maskan 1683 yilda qurilgan. Karvonsaroy tijorat yo‘li ustida bo‘lgani sababli G‘arbdan Sharqqa ketayotgan tadbirkorlar aynan mana shu karvonsaroyda qolib dam olishgan. Bu yo‘l Eron, Usmonli imperiyasi, Pokiston va Xitoyga ham borgani aytiladi. Karvonsaroy Respublika ahamiyatidagi tarixiy obida hisoblanadi”, deydi Fuzuli tumani ijro hokimyati ma’muri.

Karvonsaroy ichini ko‘zdan kechirib, bino nurab qolganiga guvoh bo‘ldik. Aytilganidek, bir nechta hujralar bor, lekin ularga kirishning imkoni yo‘q. Karvonsaroyning yuqori qavatiga chiqishni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Odamlar dam olgan joylarda armanlar to‘ng‘iz boqqani va hozirgacha bu joylar tashlandiq holatdaligini ko‘rdik. Karvonsaroyning har burchagida somonlar va qumursqalar ivirsib yotardi.

Neftaliyev bugunga kelib Ozarbayjon arman istilosidan ozod qilingan barcha hududlarda tiklash ishlarini olib borishni reja qilayotganiga to‘xtalib, shunday deydi:

“Shoh Abbos karvonsaroyi 340 yoshda. Hozir xaroba ahvolga kelganini ko‘rib turibsiz, bu yerlar to‘liq tozalanib rekonstruksiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Karvonsaroy tarixiy joy bo‘lgani sababli bu bino muzeyga aylantiriladi. Ozarbayjon aholisi, qolaversa, bu yerga kelgan sayyohlar karvonsaroyni aylanishi va uning tarixini bilishlariga imkoniyat yaratiladi”.

Fuzuli tumanida 1000 dan ortiq namozxonga mo‘ljallangan Xoji G‘iyosiddin masjidi ham bo‘lgan. U 1683 yil Safaviylar davlati vaqtida tepalikda barpo qilingan. Masjid ham tarixiy obidalardan hisoblanadi. Bugunga kelib masjidning ichki va tashqi tomonida urushdan qolgan asoratlarni ko‘rish mumkin.

Ibodat maskani ham armanlar ishg‘oli vaqtida yondirilgan va yaroqsiz holga keltirilgan. Masjid atrofida 1500 kishi istiqomat qilgan va ular aynan shu yerda ibodat qilganlar.

Bizga hamrolik qilganlarning aytishicha, Fuzuli tumanida 5 gektarli qabriston bo‘lib, afsuski, qurolli to‘qnashuvlar vaqtida qabrlar ochilib, mayitlarning suyagi atrofga sochib tashlangan.

“Fuzuli shahar qabristoni 5 gektar bo‘lib, bu yerlarga Fuzulida yashaydigan aholining yaqinlari dafn etilgan. Hozir o‘t bosib ketgani sababli qabr toshlari ko‘rinmayapti. Ishg‘ol vaqtida armanlar qabrlarni ochib, odam suyaklarini atrofga sochib tashlagan, shu sababli ham ko‘p qabrlar saqlanib qolmagan”, deydi Fuzuli tumani ijro hokimyati ma’muri.

Armanlar musulmonlarning masjidi, qabristonini vayron qilish bilan cheklanmagan. Bosib olingan hududlardagi Sovet ittifoqi davrida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan gazeta binosi va teatr ham yoqib yuborilgan.

“1931 yildan chop etilishi boshlangan, ilk nomi “Kolxozchi” undan so‘ng “Araz” deya nomlangan gazeta 1993 yilga qadar faoliyat olib borgan. Fuzulida yashagan aholi aynan shu gazetani o‘qib, ma’lumotlar olishgan. Bu tumanda Sovet ittifoqi davrida qurilgan Fuzuli musiqali drama teatri binosi ham bo‘lgan. U ancha yilgacha faoliyat yuritgan. Har ikki bino ham armanlar ishg‘oli vaqtida yoqib, kul qilingan", deydi Neftaliyev.

Fuzuli tumaniga sayohat davomida urush yillarida vayron qilingan Armaniston qurolli kuchlarining tank, harbiy mashinalari qoldiqlari, arman askarlariga tegishli bo‘lgan bronejilet va boshqa ashyolarni uchratdik. 

 

 

 

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi. 

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini айтди. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Tog'li Qorabog'

Baholaganlar

160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing