Sudyalar qachon OAV bilan ishlashni o‘rganadi? Xonim Xayrullayevaga ochiq xat!

Jamiyat

Xabaringiz bor joriy yilning 17 fevral kuni QALAMPIR.UZ saytida “INSOFT INVEST” MJCHʼning insofi bormi? Aholi noqonuniy qurilishdan norozi” nomli maqola elon qilingandi.

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Jamshid Shoshiy ko‘chasida hech qanday ruxsatsiz, tasdiqlanmagan loyiha asosida “Askiya City” nomini olgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilyapti. Ushbu loyiha “INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Yakkasaroy tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Muzaffar Usmonov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida 2018 yilda Toshkent shahar hokimligi tomonidan “INSOFT INVEST” MCHJga obodonlashtirish ishlari olib borilishi uchun qaror chiqarilgani, kompaniyaga bir necha bor tuman hokimiyati tomonidan ogohlantirish berilganiga qaramay, qurilish ishlari to‘xtatilmagani haqida aytgandi. Oqibatda ushbu holat yuzasidan Yakkasaroy tumani iqtisodiy sudiga uch marotaba da’vo arizasi kiritilgan. Sudning birinchi ajrimida sud qurilishni to‘xtatishga vakolati yo‘q ekani aytilgan, ikkinchi marotaba esa kvadrat metrlari aniq kiritilishi kerakligini qayd etilib, qaytarishgan. Shundan so‘ng, sud tomonidan kamchiligi bor deb aytilgan barcha hujjatlar to‘planib, sudga qayta yuborilgan.

Joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudida sudya Dilbar Xayrullayeva raisligida ish ko‘rilishi boshlangandi. 

Kecha, 26 mart kuni esa raislik etuvchi Xayrullayeva voqea joyiga chiqib, sayyor sud o‘tkazdi. QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova sud majlisida ishtirok etdi va tomonlar roziligi bilan videotasvirga olish uchun ruxsat so‘radi. 

Aynan shu ish yuzasidan bir nechta sud majlisidan buyon faqat ovoz yozishga ruxsat berayotgan sudya Dilbar Xayrullayeva sayyor sud majlisida ham har ikki tomon rozilik berishiga qaramay, video va fotokameradan foydalanishni taqiqladi. Sababini so‘raganimizda esa "sud shuni lozim ko‘rdi", deyish bilan cheklana qoldi. Bu qaror yuzasidan asosli sabablar keltirilmadi.

Muxbirimiz bugun sudya Xayrullayevaga fuqarolar tomonidan kelgan murojaat saytimizda elon qilingani va kelgusi jarayon ham yoritilishi kerakligini aytib, undan tomonlar rozi bo‘lgani holda sud tomonidan, ochiq sud majlisida qatnashish va videotasvirga olishga nima sababdan ruxsat berilmagani yuzasidan ajrim berishlarini so‘radi.

Sayyor sud majlisida sudya ruxsatsiz qurilayotgan binolar bilan tanishdi. Kadastr agentligining hududiy bo‘linmasi vakili binolar qurilayotgan maydondagi holatni tushuntirib, qurilish ishlari noqonuniy olib borilayotganini, bunday holatda qurilish qilish mumkin emasligini ta’kidladi.

Shu o‘rinda sud majlislarida OAVning ishtirok etishi hamda unda video va fototasvirga olish bo‘yicha qonunchilikda nima deyilgani haqida so‘z yuritsak.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2020 yil 21 fevral kuni “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi 04-sonli qarori tasdiqlangan bo‘lib, “sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida va ob’ektiv axborot berish jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratadi, odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati hisoblanadi, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi hisoblanadi”, deb ta’kidlab o‘tilgan. 

Ish muhokamasi to‘liq yoki qisman yopiq sud majlisida o‘tkazilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi (Fuqarolik protsessual kodeksining 12-moddasi ikkinchi qismi, Jinoyat protsessual kodeksi 19-moddasi birinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi qismlari, Iqtisodiy protsessual kodeksi 11-moddasi ikkinchi qismi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi 13-moddasi ikkinchi qismi).

Agarda ish muhokamasini yopiq sud majlisida o‘tkazish to‘g‘risida sud asoslantirilgan ajrim chiqarsa, unda protsess ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlisi zaliga erkin kirishiga to‘sqinlik qiladigan aniq holatlar ko‘rsatilishi kerak.

Ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:

•    fuqarolik ishini ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
•    jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan;

Ochiq sud majlisida audioyozuvni amalga oshirishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:

•    fuqarolik ishini ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
•    jinoyat ishi va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish paytida - sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.

Sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar har qanday ish bo‘yicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, iqtisodiy ish yoki ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ish ko‘rilayotganda esa, shuningdek, audioyozuv olib borishlari mumkin. 

Protsess ishtirokchilari iltimosnomalarini, ommaviy axborot vositalari vakillari murojaatlarini qanoatlantirish yoki rad etish haqida sud joyida ajrim chiqaradi va sud majlisi bayonnomasiga kiritadi.

Sud ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning to‘g‘riligi, haqqoniyligi, xolisligi va ishonchliligi uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida yozib qo‘yiladi.

Xo‘sh, yuqoridagi talablar sudyalar qanchalik bajaryapti. Qonun himoyachilarining o‘zi qanchalik qonunni pisand qilyapti? Agar masalaga “Askiya City” va mazkur ishning "kayvonasi" bo‘lib turgan sudya Dilbar Xayrullayeva misolida qarasak, anchayin savollar ortida qolamiz. Xonim Xayrullayeva, sizga ham yuzma-yuz, ham OAV orqali murojaat qilamiz: taraflar rozi bo‘lsa ham jurnalistlarning sud ishida emin-erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilishdan maqsadingiz ne? Javobni istasangiz yuzma-yuz, istasangiz xat orqali berishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Sud Askiya City ommaviy axborot vositalari vakillari Ochiq sud Yakkasaroy tuman hokimligi

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing