Kurs UZS

USD

12 880.00

19.91

EUR

13 507.26

-8.69

RUB

124.01

0.37

Metro va avtobuslarda taqish “majburiy bo‘lgan” qo‘lqop uchun 268 mln so‘m sarflangan

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Xabaringiz bor, o‘tgan yil 19 oktyabrdan aholi orasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob bilan birga qo‘lqopda ham bo‘lishi majburiy etib belgilangandi.

Ammo metropolitenda ham, avtobuslarda ham majburiy etib belgilangan qo‘lqopda bo‘lish talabini hech kim nazorat qilmadi. Aksar chiptachilar avtobusga niqobsiz chiqqan yo‘lovchilarga nisbatan niqob taqib olishini aytib ogohlantirmay ham qo‘ydi. Jamoat transportida niqobda yurganlarni topsa bo‘lardiyu ammo qo‘lqop taqqanlarni topish “igna bilan quduq qazish”ga teng edi.

Jamoat transportlarida yo‘lovchilarga bir martalik qo‘lqoplar berilmasada ular uchun byudjetdan mablag‘ ajratish davom etdi. Qiziq, shu vaqtga qadar bir marttalik qo‘lqoplar uchun qancha mablag‘ sarflangan?

Ayni shu savollar bilan “Toshshahartransxizmat” AJ Matbuot xizmati rahbari Azimjon Mahamadjonovga murojaat qildik.

Uning ma’lum qilishicha oktyabr oyidan to bugungi kunga qadar 8 600 000 dona qo‘lqop xarid qilingan. Qo‘lqop xarid qilish uchun “Poliplast Dizayn” MCHJga 268 790 000 so‘m o‘tkazib berilgan. Eng so‘nggi xarid esa 14 yanvar kuni amalga oshirilgan. Zaxiradagi qo‘lqoplar 15 fevralda tugagan. Bugungi kunda Toshkentda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat jiddiylashgani sababli yana qo‘lqoplarga buyurtma berilgan va xarid amalga oshiriladi.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Majburiy etib belgilangan qo‘lqoplar zaxirasi 15 fevralda tugagan bo‘lsa, demajk shu vaqtga qadar transport vositalarida yo‘lovchilar uchun qo‘lqoplar berilmagan. Unda majburiylik qayerda qoladi?

Azimjon Mahamadjonov , “Toshshahartransxizmat” AJ Matbuot xizmati rahbari: — Siz aytayotgan chora majburiy etib belgilanmagan. Jamoat transportlarida bir martalik qo‘lqoplarni taqish tavsiya sifatida aytilgandi. Qo‘lqop nafaqat COVID-19 virusidan balki boshqa mavsumiy infeksiyalarni oldini olish uchun ham tavsiya etilgan. Karantin yumshatilgani shu bilan birga koronavirus infeksiyasi kamaygani hisobiga bir muddat xarid qilish to‘xtatilgandi.

F.N.: — Transport vositalarida harakatlanadigan yo‘lovchilarning niqobda bo‘lishi va qo‘lqoplarni taqishlarini kim qanday nazorat qildi?

A.M.: — Bo‘lim boshliqlari tomonidan har bir yo‘nalishga biriktirilgan rahbarlarga doimiy nazorat olib borish kerakligi, karantin qoidalariga har bir xodim qat’iy bo‘ysunishi kerakligi eslatiladi. Hisobot sifatida niqob va qo‘lqopda yurgan yo‘lovchilar suratga olinadi. Agar qaysidir “shofyor” yoki chiptachi niqobsiz ekani holati kuzatilsa, albatta, qat’iy chora ko‘riladi. Qoida buzish holati takrorlangan taqdirda, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi ham nazarda tutilgan. “Shofyor”lar orasida qoidalarga rioya qilmaganlari va yo‘lovchilarga niqob va qo‘lqop haqida ogohlantirmaydiganlari ham topiladi. Ularni har biri bilan alohida tushuntirish ishlari olib boriladi.

F.N.: — 19 oktyabrdan bugungi kunga qadar ajratilgan bir martalik qo‘lqoplarni boshqa maqsadlarda sarflagan xodimlar uchradimi?

A.M.: — Yo‘q. o‘z yo‘nalishi bo‘yicha chiqib ketayotgan “shofyor”ga ikki pachkadan bir martalik qo‘lqoplar beriladi, shu bilan birga yo‘nalish jarayonida qo‘lqoplar qolmagan vaqtlarida dispetcherlik hizmatlaridan yana qo‘shimcha olishlari mumkin bo‘ladi. Shu kunga qadar qo‘lqoplarni boshqa maqsadlarda ishlatgan chiptachi yoki konduktorlar uchramadi.

“Toshshahartransxizmat” AJ vakili qo‘lqop taqish tartibi majburiy emas, ixtiyoriy ekanini aytmoqda. Ammo Transport vazirligi o‘z vaqtida bu qat’iy talab ekanini e’lon qilgan. Eng yomoni na avtobus, na metroda yo‘lovchilar qo‘lqop taqmagan bo‘lsa, 268 mln 790 ming so‘m qayerga ketdi?

Yana bir masala borki, koronavirus tarqalishi tezlashgan bir vaqtda aytmay ketsa bo‘lmas. Toshkent metropolitenida liniyalar kesishgan stansiyalardagi o‘tish joylarida eskalatorlar 3 ta bo‘lsa ham doim 2 tasi ishlab turadi. Odamlar ko‘payib, tiqilinch yuzaga kelganda ham uchinchi eskalator ishga tushirilmaydi. Bu holat ham koronavirus tarqalishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmasa kerak.
 


Maqola muallifi

Teglar

Toshshahartransxizmat karantin qo'lqop

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing