Xitoy koronavirus vaksinasini O‘zbekistonda ham sinab ko‘rmoqchi

Jamiyat

image

Xitoy koronavirusga qarshi vaksinani sinash jarayonida O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Bu haqda O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidov va “Sinopharm Group” boshqaruvi raisi Lyu Szinchjen o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Muzokaralar joriy yil 7 may kuni ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot chog‘ida yangi turdagi koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish masalalari yuzasidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o‘tkazildi.

“Sinopharm Group” rahbari bilan uchrashuv chog‘ida COVID-19 pandemiyasi sharoitida farmatsevtika sohasida, dorivor o‘simliklar xomashyosini qayta ishlash va O‘zbekiston hududida dori-darmon vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish muhokama etildi. 

Lyu Szinchjenning bildirishicha, hozirgi paytga qadar koronavirusdan himoya qiladigan vaksina klinik sinovlarining ikki bosqichi muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu “Xitoy milliy biotexnologiya guruhi” (China National Biotec Group, CNBG) bo‘linmalaridan biri – “Sinopharm Group” guruhi tomonidan ishlab chiqilgan inaktivlashtirilgan va rekombinant vaksinadir.

Mazkur vaksina inson tanasiga yuborilganidan keyin inaktivlashtirilgan ta’sir qilish muddati 2 yil va undan ko‘proq muddatni tashkil qiladi. Bugungi kunda Xitoy hududida 50 mingdan ko‘proq odam ushbu  vaksinani qabul qilgani ma’lum. Joriy yil iyul oyida vaksinani ommaviy ravishda ishlab chiqarish maqsadida Pekinda ikkinchi yirik zavodning qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Natijada mamlakatning ushbu zarur mahsulotning ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshgani holda yiliga 200 million dozaga yetdi. Birinchi zavod Uxan shahrida qurilgan edi.

Muzokaralar chog‘ida COVID-19 kasalligi bilan kurash olib borishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni mustahkamlash va farmatsevtika jabhasida o‘zaro hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ma’lumot tariqasida qayd etish joizki, “Sinopharm Group” kompaniyasi 1998 yil tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur guruh Xitoydagi eng yirik farmatsevtika kompaniyasi hisoblanadi. Uning tasarrufidagi 1 ming 400 ta bo‘limda 200 mingdan ziyod xodim faoliyat ko‘rsatadi. Kompaniya vaksina tadqiqotlari va uning ishlanmalari uchun 140 million dollardan ziyod miqdorda mablag‘ ajratgan.

Koronavirus keltirib chiqaradigan kasalliklarni davolash uchun “Sinopharm” 90 dan ortiq turdagi dori-darmon vositalarini ishlab chiqaradi, ularning ijobiy samarasi 94 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, korporatsiya o‘zining COVID-19 kasalligini aniqlaydigan test to‘plamlarini ham ishlab chiqqan.

Avvalroq, Xitoy koronavirus vaksinasining global sinovini boshlagani haqida xabar bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

808

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing