Hujum qilganga nisbatan qurol qo‘llaniladi. General-mayor Jo‘rayev ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
04 iyul 2022
33250Qoraqalpog‘istonda qurollangan xodimlarga hujum qilingan taqdirda hujum qilgan shaxsga nisbatan qurol qo‘llaniladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor – Qoraqalpog‘istonda Favqulodda holat rejimi komendanti Rustam Jo‘rayev ma’lum qildi.
“Alohida ta’kidlamoqchimanki, Harbiy qism yoki qo‘riqlanadigan ob’ektlarga, qurollangan xodimlarga qurol egallash uchun hujum qilingan taqdirda, qonun bilan belgilangan vakolat asosida, hujum qilganga nisbatan qurol qo‘llaniladi”, deydi Jo‘rayev.
Uning qayd etishicha, favqulodda holat amal qilish davrida tinchlikni va osoyishtalikni, jamoat tartibini saqlash uchun tajriba va kuch-vositalar yetarli.
Jo‘rayev fuqarolar cheklovlarni buzgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 204-moddasi – Favqulodda holat tartibining talablarini buzish va 205-modda – Favqulodda holat tartibi sharoitida jamoat tartibiga tajovuz qilish – moddalari bilan 30 sutkagacha ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkinligini eslatgan.
“Favqulodda holat amal qilish davrida choralar va talablarga rioya qilishingizni so‘raymiz. Birgalikda sa’y-harakatlarimiz tinch va osoyishta hayotimizga qaytishimizni ta’minlaydi”, deydi so‘z yakunida Rustam Jo‘rayev.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy Gvardiya xodimining maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, it) qo‘lga kiritgan.
Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan xujum uyushtirilib, qurol-yarog‘ tortib olingan, “Nukus xalqaro aeroporti”ga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi “Las Vegas” kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo‘lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, “Eski shahar”dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo‘lgan “KamAZ” rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi “Ismoilov Jabborbergen” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan vagon yoqib yuborilgan.
Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi “Do‘stlik” kanali ko‘prigiga, Nukus shahridagi ko‘plab bino-inshootlar va yo‘l to‘siqlariga ham ko‘plab talafotlar yetkazilgan.
LiveBarchasi