Husiylar G‘azoda urush davom etsa, yangi zarbalar berish bilan tahdid qildi

Olam

image

Yaman shimolida hukmronlik qilayotgan husiylar, agar Isroil G‘azo sektoridagi amaliyotini to‘xtatmasa, yanada kuchli zarbalar berish bilan tahdid qildi. Bu haqda harakat matbuot kotibi Muhammad al-Buxayti ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar G‘azo sektoriga qarshi tajovuz to‘xtamasa va qamal olib tashlanmasa, “eskalatsiya” bo‘ladi, bu vaqti kelganda e’lon qilinadi.

Shu bilan birga, husiylar vakili hujumlar kuchayishi uchun ko‘plab variantlarga ega ekanini qo‘shimcha qilib, Buyuk Britaniya va AQSH elchixonalari hamda harbiy bazalariga zarba berilishini ta’kidladi.

“Agar bizda AQSH va Buyuk Britaniyaga yetib bora oladigan raketa va jangovar samolyotlarimiz bo‘lganida, ular Yamanga hujum qilishda davom etsa, biz ikkilanmasdan zarba berardik”, deya qo‘shimcha qildi al-Buxayti.

Qayd etish joizki, G‘azo sektorida mojaro avj olganidan so‘ng, husiylar Isroil hududiga hujumlar uyushtirish va urush tugagunga qadar ular bilan bog‘liq kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklarini bildirgan. Husiylar o‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalaridan beri Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida o‘nlab fuqarolik kemalariga hujum qilgan.

Bunga javoban AQSH, Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya kabi davlatlar husiylarga qarshi “Prosperity Guardian” (“Farvonlik qo‘riqchisi”) operatsiyasini e’lon qildi. AQSH va Buyuk Britaniya bir necha bor qo‘shma operatsiya o‘tkazib, Yaman hududidagi nishonlarga zarba berdi. Bundan tashqari, AQSHning o‘zi ham husiylar nishonlariga hujum qilib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 13 fevral kuni husiylar Eron portiga yo‘l olgan Star Iris yuk kemasiga raketa zarbalari bergandi.

Sarvar Xurramov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Isroil Yaman G'azo husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing