Husanov “Man Siti” libosida ilk marta intervyu berdi (video)
Sport
−
21 yanvar
4067Angliyaning “Manchester Siti” futbolchisiga aylangan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov klub matbuot xizmatiga intervyu berib, Angliyaga sovrin yutgani kelganini bildirdi.
“Men judayam xursandman bu jamoaga qo‘shilganimdan. Bu klub dunyoning eng yaxshi jamoasi. Men bu yerga sovrin yutgani keldim. Bu jamoa katta jamoa. Murabbiyi eng yaxshi murabbiylardan biri. Shuning uchun keldim”, deydi Husanov.
Husanov futbolga qanday kirib kelganiga ham izoh berib, faoliyati qanday rivojlanib borganiga ham izoh berdi.
“Dastlab, “Toshkuch” jamoasida boshlaganman. Undan “Bunyodkor” akademiyasiga o‘tganman. Professional faoliyatimni Belarusda boshlaganman. 18 yoshimda Fransiyaga keldim. Mana endi Angliyadaman”, deydi Husanov.
Futbolchi yangi klubida nega aynan 45-raqamni tanlaganini va nega aynan takliflar orasidan "Siti" variantiga to‘xtalganini ham ochiqladi.
“Belarusdagi faoliyatimda 45-raqam ostida to‘p tepganman. Shuning uchun 45-raqamni oldim. Avval aytganimdek, eng yaxshi jamoa, murabbiy va chempionat bo‘lgani uchun. “Manchester Siti” o‘yinlarini bolaligimdan ko‘rib kelganman. O‘yin uslubi o‘zgacha, ko‘pchiliknikiga o‘xshamaydi. Chunki men har doim eng yaxshisini tanlaganman. Hozir ham eng yaxshilar bilan ishlash uchun keldim. Men qiyinchiliklarni ko‘rib katta bo‘lganman. Buyog‘iga ham to‘xtash yo‘q. Men uchun, balki butun O‘zbekiston uchun birinchi APL futbolchisi. Bu jarayon hali davom etadi”, deydi Husanov.
Suhbat davomida 20 yoshli futbolchi O‘zbekistonning JCH-2026 chiqish imkoniyatini ham baholadi.
“Bizda futbolga bo‘lgan e’tibor kundan kunga ortmoqda. Hamma bizni Jahon chempionatiga chiqishimizni xohlayapti va o‘ylayapti.Chiqishimizga bir qadam qoldi”, deydi futbolchi.
Husanov, shuningdek, otasi bilan bog‘liq savolga ham javob qaytardi.
“Dadamning futbol o‘yinlarini ko‘rib turardim va menda ham shu sport turiga qiziqish boshlangan va hozirgi darajaga chiqishimda dadam katta rol o‘ynagan. Har mashg‘ulotdan keyin, o‘yindan keyin xato va kamchiliklarni o‘tirib tahlil qilamiz”, deydi futbolchi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi “Manchester Siti” bilan 4,5+1 yillik ko‘rinishda shartnoma imzoladi. Bonuslarni hisobga olganda Husanov transferi “Man Siti” uchun 50 million yevroga tushdi.
LiveBarchasi