Hukumat sement import qiluvchilarga yengilliklar bermoqchi
Jamiyat
−
03 iyul 2020
5525Hukumat tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga sement mahsulotini import asosida olib kirishda mavjud notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bunda sifatsiz sement import qiluvchilarni javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va tegishli qaror loyihasini tez kunlarda kiritish topshirig‘i berildi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu masala bo‘yicha kecha, 2 iyul keni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida yig‘ilish o‘tkazilib, sement bozorida taklif darajasini ko‘tarish va ichki bozorni usluksiz ravishda sement bilan ta’minlash masalasi muhokama qilingan.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, sement importi bo‘yicha cheklovlar bekor qilinganligiga qaramasdan joriy yilning iyun – iyul oylarida birjaning sement bozorida talabning sezilarli darajada o‘sishi natijasida narxlarning oshishi holatlari kuzatilgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida birjada barcha markali sementning narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 502,0 ming so‘mdan 797,0 ming so‘mgacha, ya’ni 59 foizga o‘sgan. Narxlarning o‘sishi asosan joriy yilning may–iyun oylariga, ya’ni qurilish mavsumining boshlanish davrlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Sementga bo‘lgan talab va narxlarning oshishiga amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining faollashuvi va jadallashuvi hamda sement mahsuloti importi hajmlarining kamayganligi sabab bo‘lmoqda.
Hukumat topshiriqlariga asosan sement narxining shakllanishiga birja tomonidan har bir xaridor uchun 114,0 tonna miqdoridagi kunlik limitning qo‘llanilishi o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatib, o‘tgan savdolarda sement mahsulotini xarid qilgan ishtirokchilarning soni deyarli ikki barobarga ko‘payib, 540 nafarni tashkil etgan.
2020 yilning 26 iyun kuni 1 tonna sementning o‘rtacha narxi 797,0 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa 30 iyun kuniga 728,9 ming so‘mni tashkil etdi (8,5 foizga arzonlashgan).
Biroq, mazkur tadbir ham sementga bo‘lgan talabning yuqoriligi sababli narxlarni sezilarli darajada tushirilishiga va talabning qondirilishiga yetarlicha ta’sir etmagan.
Yig‘ilishda sementga bo‘lgan talabning mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq qoplab berilmayotganligi sababli, import sementga ham extiyoj oshayotgani, lekin, bu holatda ham tadbirkorlar ma’lum qiyinchiliklarga duch kelayotgani qayd etilgan.
Xususan, bugungi kunda GOST 31107-2016 va GOST 10178-85 me’yoriy hujjatlari talablariga asosan import asosida olib kirilgan sement mahsulotini bojxonada rasmiylashtirish uchun 28 kun laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi hamda ijobiy laboratoriya xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda ichki bozorda realizatsiya qilinadi. Buning hisobiga importidan sement mahsulotini olib kirish hajmlari oldingi davlarga nisbatan sezilarni kamaygan, deyiladi qo‘mita xabarida.
LiveBarchasi