Hukumat inson huquqlari borasida o‘z mas’uliyatini sezishi kerak – Norboyeva

Jamiyat

image

Joriy yilning 2-3 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida senatorlar bir nechta Qonunni ko‘rib chiqib, qabul qilishdi. Yalpi majlisning ikkinchi kunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi haqidagi axboroti eshitildi.
 
Senat raisi Tanzila Norboyeva markaz axborotini tinglarkan bugungi kunda vazirliklar ayollar va bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalardan xabardor emasligini tanqid qildi.

“O‘zbekiston xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgan, har to‘rt yilda milliy ma’ruza xalqaro maydonda o‘qib eshittiriladi. Kuzatishimcha, har to‘rt yilda takrorlanadigan tavsiyalar bor. Misol uchun, “u yoki bu qonunni qabul qilinglar”, “mana bu jihatga e’tibor qaratinglar” yoki “ayollarga mana bu e’tiborni beringlar”, deyiladi. Markaz vazirliklarga tavsiyalarni beradi, vazirliklar e’tibor qaratmaydi. Chunki mexanizmni yo‘lga qo‘yadigan aniq topshiriq yo‘q. U xalqaro tashkilotning tavsiyasi, shuning uchun ham tavsiyalar bajarilmaydi. To‘rt yildan keyin yana shu takliflar beriladi va biz shuni qaytadan eshitamiz. Natijada bu yildan-yilga takror davom etadigan jarayon bo‘lyapti”, deydi Senat raisi.

Norboyeva Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz axborotini tinglar ekan, milliy ma’ruza O‘zbekiston hukumati nomidan xalqaro maydonda o‘qib eshittirilishi vazirliklar xodimlari va hukumat vakillari inson huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalarni bilishlari shartligini aytib o‘tdi.

“Inson huquqlari sohasida olib borilgan ishlardan vazirliklarni xabari yo‘q. Masalan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil qilindi. Ishonchim komilki, ular Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning tavsiyalari bilan tanishib ham chiqmagan. Markaz vazirliklarga borib ishlashi kerak. Onda-sonda hisobot olish va davriy hisobotga qo‘shish bilan ish bitmaydi. Hisobotda juda ko‘p ma’lumotlar keltirilgan. Agar hisobotlar qog‘ozlarda qolib ketadigan bo‘lsa, yuqorida aytganimdek keyingi 4 yilda eskisidek tavsiyalarni eshitaveramiz.

Bu tavsiyalar bajarilishini ham hukumat doirasida ko‘rib chiqish zarur. Konvensiyalarning bajarilishi bo‘yicha ma’ruza Milliy markaz nomidan emas, O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan o‘qib eshittiriladi. Demak, hukumat o‘z mas’uliyatini sezishi kerak. Hukumat deganda vazirliklarni aytyapman. Doimiy ravishda ko‘rib borish, vazirlik va idoralarga vazifalar berish, bajarmaganlarga chora ko‘rish kabi jarayon bo‘lishi kerak. Afsuski, bizda bu jarayon yo‘q. Birorta vazirlikni “konvensiya bo‘yicha mas’ulmiz, tavsiyalarimiz bor” degan vazirliklarni bilmayman. Ishonchim komil, vazirlarning ko‘pini inson huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalardan xabari ham yo‘q. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi vazirlik va idoralar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yishi kerak”, deydi Tanzila Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

inson huquqlari senat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing