Kurs UZS

USD

12 993.15

-10.8

EUR

13 619.42

65.4

RUB

143.87

0.67

Videoga olish mumkin-u, obro‘sizlantirish mumkinmas

Tahlil

Ko‘p narsa rahbarga bog‘liq. Agar siz Ichki ishlar vazirligi, umuman, shu tizim xodimi bo‘lganingizda ish jarayonida kimdir sizni videoga olsa va siz o‘sha odam meni obro‘sizlantirishga urindi, desangiz bechora videoga olgan odam hali tergov, hali sud deb ancha yugurardi. Agar siz o‘qituvchi yoki shifokor bo‘lsangiz, kimdir haqiqatdan ham sizni obro‘sizlantirishga urinsa, qonunda bor javobgarlikka tortiladi, katta ehtimol bilan. Ichki ishlar xodimlarini ish vaqtida foto va videoga olib internetda e’lon qilganlarni 15 sutkaga qamash taklif qilingani yodingizda bo‘lsa kerak. Deputatlar tasdiqlagan va Senatga kiritilgan qonun loyihasidagi bitta modda jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgandi. Bu o‘zgarish uzoq vaqt davomida ko‘rib chiqildi va bir qarorga kelindi. Xo‘sh, ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan modda olib tashlandimi yo qoldi. Bugun shu haqda batafsil gaplashamiz.

Keling, bir boshidan ko‘rib chiqsak. Bundan ikki yil avval, 2023 yilda Ichki ishlar vazirligi “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonunni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritgandi. Bu o‘zgartishdagi 195-2-moddada ichki ishlar organlari xodimlarini xizmat vazifasini bajarishi vaqtida foto va videoga olib, ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetga joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida, ya’ni 18 mln 750 so‘m jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan edi.

Bu qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilganidanoq ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, parlament quyi palatasida deputatlar Doniyor G‘aniyev va Umidjon Jabborovlar qonun loyihasiga qarshi ekanini aytib chiqqandi.

“Bu oxirgi yillarda muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan ochiqlik-shaffoflik, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, jamoatchilik nazorati bo‘lishi kerak, degan ezgu siyosatga zid, deb hisoblayman. Qolaversa, bu “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunlarimizga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid. Konstitutsiyamizda ham axborot erkinligi bor. Ana shularni inobatga olish kerak. 
Eng xavotirlisi shuki, bu norma ertaga amaliyotga kiradigan bo‘lsa, ba’zi o‘z mansabini suiiste’mol qiluvchi, fuqarolar huquq va erkinliklarini kamsituvchi xodimlar ham yo‘q emas, ular ertaga mana shu normani suiiste’mol qilib, bundan boshqa maqsadlarda – fuqarolar huquqlarini buzish, ularga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish uchun ishlatishlari xavfi yo‘q emas. Biz bu xodimlarning ruhiyatini yaxshilaydi, deb o‘ylayotgandirmiz. Yo‘q! Bu aks natija beradi. Bugun biz Ichki ishlar organlari xodimlarini fuqarolarning haqiqiy suyanchi, do‘sti, uning himoyachisi bo‘lgan institutga aylanishini xohlaymiz. Bu kabi normalar esa, ichki ishlar organlariga nisbatan hurmat o‘rnini qo‘rquv, ishonch o‘rnini shubha, sevgi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi. Shuning uchun bu normada biz juda hushyor bo‘lishimiz kerak. Deputatlarimizdan ham iltimos qilardimki, ovoz berayotganda mana shu normaning mohiyatini anglab yetgan holda munosabat bildiring”, deydi deputat Doniyor G‘aniyev. 

“Qonunning konseptual muhokamasida ham bu moddaga mutlaqo qarshi edim. Kecha ham muhokamalar o‘tdi. Bugun ham modda ustida yana o‘ylab ko‘rdim. Lekin bitta savol bor: huquqni muhofaza qiluvchi organlar deyilganda besh-oltita struktura borligini bilamiz. Qonunning nomiga e’tibor beradigan bo‘lsak, yo‘l harakati tizimini takomillashtirish haqida gap ketyapti. Mantiqan, moddaning yo‘nalishi buni qamrab olmayapti. Gap bu yerda huquqni muhofaza qiluvchi organlar haqida... Moddaning ichida yo‘l harakati degan iboraning o‘zi yo‘q. Mayli, biz huquqni muhofaza qilish organlari ichida yo‘l harakatini tartibga soluvchi qism borligini inobatga olamiz. Lekin savol tug‘iladiki, talqinda boshqacha tushuncha bor “xizmat vazifasini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida”. 

Bu maqsadni qanday belgilash mumkin? Tasvirga olayotgan shaxs sudda ham “men yaxshi maqsadda olayotgan edim”, deyishi mumkin.

Ikkinchidan, umuman olganda, Prezidentimizning farmoni bor (“2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi), jamoat xavfsizligi konsepsiyasi tasdiqlangan. Aynan konsepsiyada shu masala borki, bu esa uning ijrosi ham bo‘lib qoladi. Unda ham xuddi shu masala qo‘yilgan, lekin unda “haqoratlash” degan masala yo‘q, “obro‘sizlantirish” turibdi. Shundan kelib chiqib, “haqorat qilish” qismini chiqarib tashlashni taklif qilaman”, deydi deputat Umidjon Jabborov.

Yig‘ilishdagi bir nechta deputatlar kodeksga bu moddaning qo‘shilishiga qarshi chiqishiga qaramay, loyiha tasdiqlanib, Oliy Majlis Senatiga yuborilgan. Senat yalpi majlisidan avval, 2024 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilingan mazkur o‘zgartish Ichki ishlar tizimidan chiqqan senator, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov tomonidan himoya qilingan va o‘zgartishdagi aynan 195-2-modda yoqlangan.

“Masalan, Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarida xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000 yilda tasdiqlangan. Mazkur normaga ko‘ra, xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin”. 
“Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va Internetga joylashtirish taqiqlangan”. 

“Fransiyada bir va boshqa operatsiyalar davomida politsiya xodimlari yoki jandarmlarning shaxsini identifikatsiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish bir yillik qamoq va 45 ming yevro jarima bilan jazolanadi”, deydi u.. 

Senatning 2024 yildagi Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev ushbu masala muhokamasiga kirishar ekan, u amaldagi qonunlarda, jumladan, Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham ushbu qoidabuzarliklar uchun allaqachon jazolar belgilanganini eslatgan.

“Konstitutsiyaning muqaddima qismida ham inson, uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi, ya’ni insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasidagi mas’uliyatni anglaymiz, degan joy bor. 195-2-moddada aynan shu masala, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasida yolg‘on axborot tarqatish alohida belgilab qo‘yilgan. Jinoyat kodeksining  244-6-moddasida yolg‘on axborot tarqatish – hammasi ko‘rsatib o‘tilgan. Agar vazirlikda tahlil qilingan bo‘lsa, shunday ichki ishlar xodimlarining obro‘sizlanishiga olib kelgan nechta video ijtimoiy tarmoqqa tarqatilgan va buning nechtasida fuqaro haq bo‘lib chiqqan nechtasida IIO xodimlari haq bo‘lib chiqqan?”, deydi Boqiyev.

Majlisda ushbu modda bilan jazo fuqaroga faqatgina materialni yo‘l harakati xodimini obro‘sizlantirish maqsadida tarqatgan taqdirdagina qo‘llanishi bot-bot takrorlangan. Ammo bu holatda “obro‘sizlantirish” qanday me’yorlar asosida amalga oshirilishi haqida jurnalistning bergan savoliga shunday javob qaytarilgan: 

“Prokuratura organlarining bularga chora ko‘rish bo‘yicha 100 foiz vakolati bor. Prokuratura organlari bunga qonuniy baho beradi”, degan Burhonov.

O‘shanda, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Senatdagi yig‘ilish mazmuni ko‘proq qonunni himoya qilish, uning to‘g‘riligini ta’kidlash va jurnalist, blogerlarga dakki berish uchun tashkil qilinganday tuyulganini qayd etgan.

“Savol bergan jurnalist va bloger borki, deyarli barchasi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisidan dakki eshitib oldi. Savollarga ham aniq dalillar va faktlar bilan batafsil javob qaytarilmadi, uzuq-yuluq gaplar aytish bilan cheklanildi. Ayrim savollar butunlay javobsiz qoldi. “Siz tushunmaysiz, siz bilmaysiz, siz nimalar deyapsiz o‘zi, siz unaqa demang, siz bunaqa demang, bunaqa deyishga haqqingiz yo‘q” degan gaplar aytildi”, degandi huquqshunos.

O‘shanda qahramonlarcha minbarga chiqqan yuridik fanlari doktori Baxtiyor Murodov qonunga norozilik bildirayotganlarni uning matni bilan tanishib ham chiqmaganlikda ayblagan.

Ammo Xushnudbek Xudoyberdiyev ushbu fikrlarga keskin qarshi chiqqan va na qonun loyihasi, na uning Senatga taqdim etilgan matni ommaga e’lon qilinmaganini eslatgan. 

“Kechirasizlar-ku, qonun loyihasi hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunning matni hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, Senat ko‘rib chiqayotgan qonunning matni hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, osmondan olib fikr bildiramizmi? Qonunning matni qayerda to‘liq e’lon qilindiki, keyin biz uni ko‘rib, lekin o‘qimadik? Qayerda e’lon qilindi? Bu qonun hech qayerda e’lon qilingani yo‘q-ku! Biz faqatgina Qonunchilik palatasi, Senatning xabarlarida ketgan sanoqli gaplarni o‘qib, o‘zimizning munosabatimizni bildiryapmiz”, deydi u.

Bir fuqaro jinoyat sodir etsa, unga javobgarlik bor. Agar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabini bajarmasak, unga ham javob beramiz. Umuman, nima uchun masalaga faqatgina ichki ishlar organlari tomonidan qaralyapti? Shifokorlar ham xizmat vazifasini ado etayotganda turli “shantaj”-u bo‘htonlarga uchraydi, hatto musht ham yeydi. Ularning obro‘yini kim himoya qiladi? O‘zi bir xodimni obro‘sizlantirishni aniq belgilari bormi? Buni odamlar biladimi?

Misol uchun Samarqand shahrida jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida tungi xizmatga jalb qilingan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB profilaktika inspektori fuqarolar janjal qilayotganligini ko‘rib, ularni 6-son IIBga olib borgan. Ularning sodir etgan qilmishini rasmiylashtirishi davomida, profilaktika inspektori  va ushbu shaxslar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Xodim erkak va bolali ayolga qo‘l ko‘targan. Holatni esa fuqarolar videoga olgan. Xodimning bu xatti-harakati noqonuniy deb topilgan va u ishdan olingan. Katta ehtimol bilan ayol tomondan tasvirga olingan holat tergov organi va sud tomonidan o‘rganilgan va video isbot sifatida foydalanilgan. O‘zingiz o‘ylang, agar holat tasvirga olinmaganda fuqarolar IIO xodimining bunday xatti-harakatlarini nima bilan isbotlardi?

2024 yilning 16 avgustda yuqoridagi qonun Oliy Majlis Senatida ko‘rib chiqildi. Bu safar qonun Senatdan o‘tmadi. O‘shanda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov qonunni o‘rganishda bir emas, bir nechta normalardagi bo‘shliqlar ko‘zga tashlangani, ularni yanada mukammallashtirish, boshqa hujjatlar bilan solishtirish, bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida qayta ko‘rish uchun ortga qaytarilganini ma’lum qilgandi.

“Yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda bir nechta o‘zgartishlar bor. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan 192-2-moddaning tahririda ham bir qator masalalar bor. Ushbu modda ham qayta ishlanishi zarur. Qonunning bu kabi ijobiy jihatlariga qaramasdan, qo‘mitamiz tomonidan senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlari bilan maslahatlashgan holda qonunni qayta ishlash kerak, degan xulosaga keldik. Chunki qonundagi ayrim normalarning mavjud real voqelik, amaldagi qonun hujjatlariga nechog‘lik mos kelishi va boshqa holatlarga yetarlicha e’tibor qaratishi lozim. Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzishni va Qonunni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilaman”, deydi senator Tolibjon Madumarov.   

“Bugungi kunda kiritilayotgan bu normalarning real voqelikka bog‘liqlik holati qanday? Biz aynan shu tomonlarni ham o‘rgandik. Bundan tashqari, amaldagi qonunchilik talablariga mos keladimi, degan savollar ham ko‘rildi. Deputatlar ma’qullagan qonunga o‘z fikrlarimizni bildirib, qayta ko‘rib chiqish kerak degan qarorga keldik”. 

“Ma’muriy kodeksga kiritilayotgan 195-2-moddani juda mukammal o‘rgandik. Ichki ishlar xodimlari, jamoatchilik va boshqalar bilan ham fikr almashdik. Bu normani mukammal tahrir qilish masalasida to‘xtadik. O‘rganish davomida to‘g‘ri kelmagan normalar olib tashlanadi. Bizning maqsadimiz qonun bekor bo‘lmasligi. Komissiya tuzish orqali normalar boshidan o‘rganiladi va bir qarorga kelinadi”, deydi senator. 

Oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, 2025 yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Buni qarangki, mazkur qonunda fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi.

Bu nima deganini aniqroq tushuntiring, shunda nima o‘zgardi deysizmi? Quvonishga hali shoshilmay turing, buyog‘ini eshiting. Qutbiddin Burxonovga  ko‘ra, qonun faqat va faqatgina xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslikni, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va holatni buzmaslikni, montaj qilmaslikni talab etmoqda. 

“Shu o‘rinda ushbu tahrirda aynan “buzib tarqatmaslik” tushunchasidan foydalanilganligi ham bejiz emas. Ma’lumotni buzib ko‘rsatgan holda tarqatish (taqdim etish) uchun javobgarlik belgilanishi qonunchiligimiz uchun yangi amaliyot hisoblanmaydi. Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 6 ta, Jinoyat kodeksida 4 ta moddada turli xil ma’lumotlarni buzib ko‘rsatgan holda taqdim etish (tarqatish) uchun javobgarlik belgilangan. Shunday ekan, huquqni qo‘llash amaliyotida sudlar bu masalada muammoga duch kelishmaydi. Bu borada suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaydigan barqaror sud amaliyoti shakllangan”, deydi senator.

Senatorning aytishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 195-2-moddasi to‘liq qayta ishlangan. Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan ko‘rib chiqilgan. Jumladan, qat’iy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima 20 baravardan 50 baravargacha etib, qat’iy belgilangan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda, ya’ni holatdan kelib chiqib, sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin. Xullas, “yuqori”dagilar otdan tushsa ham egardan tushmagan holda bu qonunning qaysidir qismlarini saqlab qolgan.

Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi, go‘yoki yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirishga, yo‘l harakati ishtirokchilari harakat davomida belgilangan qoidalarga amal qilishini ta’minlashga, pirovardida yo‘l-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qiladi. Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Yuqoridagi berganimiz savolni yana qaytaramiz: IIO xodimini obro‘sizlantirishga nimalar kiradi? Bu bo‘yicha qandaydir hujjat ishlab chiqilganmi, odamlar olayotgan videosi, tarmoqqa joylayotgan suratlaridagi qaysi holatlar xodimlarni obro‘sizlantirish deb baholanishini bilishadimi? masalan siz bilasizmi? Yo‘q. Chunki bu masala ochiq qolgan va hech kim mana shu harakatni obro‘sizlantirish deb tushuntirish bermagan. (!)

Ichki ishlar xodimlarini foto va videoga olib, obro‘sizlantirish maqsadida tarmoqqa joylash uchun javobgarlik belgilangan ekan, bu doimiy “dejurniy” moddalardan bo‘lib qolmasligi kerak. Obro‘sizlantirishning aniq qoidalari ishlab chiqilishi va fuqarolarga tushuntirilishi zarur.


Maqola muallifi

Teglar

qonun deputat IIO senat foto va video

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing