Filippinning sobiq prezidenti insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblandi
Olam
−
24 Sentabr 4048 2 daqiqa
Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurorlari Filippinning sobiq prezidenti Rodrigo Duterteni insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi. Bu haqda “Kyodo News” xabar berdi.
Sud Duterte 2016 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda kamida 76 ta qotillikka aloqador bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Filippinlik siyosatchi 2025 yilning mart oyida vataniga qaytgach, hibsga olingan edi. U Xalqaro jinoiy sud qarorgohi bo‘lgan Gaagaga yo‘l olgan samolyotga chiqishga majburlangan. Duterte bir necha oydan beri u yerda hibsda.
Xalqaro jinoiy sud 80 yoshli Rodrigo Duterte va yana bir qancha shaxsni Filippindagi narkokartellariga qarshi kurashi chog‘ida suddan tashqari o‘ldirishlar va boshqa inson huquqlarini buzganlikda ayblab, tergov qilmoqda. Turli inson huquqlari tashkilotlari va jurnalistlarga ko‘ra, bu siyosat giyohvand moddalar savdosi va giyohvand moddalarni iste’mol qilishda gumon qilingan 6000 dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Siyosatchi filippinliklarni giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchilar va giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq shaxslarni shaxsan o‘ldirishga chaqirib, uch nafar giyohvand moddalar sotuvchisini shaxsan o‘zi o‘ldirganini da’vo qildi.
Dutertega qarshi birinchi ayblov uning shahar meri bo‘lgan 2013-2016 yillar oralig‘ida Davao shahrida 19 kishining o‘limiga aloqadorligi bilan bog‘liq. Qolgan ikkita ayblov uning prezident sifatidagi 2016 yildan 2022 yilgacha narkotiklarga qarshi kurash boshlagan davriga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron parlamenti komissiyasi a’zosi Kamron G‘azanfariy sobiq prezident Hasan Ruhoniyga qarshi ayblovlar sudda isbotlansa, u o‘lim jazosiga mahkum etilishi mumkinligini aytgandi.