Pezeshkiyon G‘arbni yolg‘onchilikda aybladi
Olam
−
22 iyul 4583 2 daqiqa
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bugun, 22 iyul kuni G‘arb va xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari haqidagi da’volari ikkiyuzlamachilik va yolg‘on ekanini aytdi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, zamonaviy “sivilizatsiyalashgan” dunyoda himoyasiz odamlar, ayollar va bolalar uchun suv va oziq-ovqat ta’minoti hammaning ko‘z o‘ngida kesilgan, genotsid sodir etilgan va shu bilan birga ular inson huquqlari haqida gapirishda davom etmoqda. Ayni paytda, G‘azo va Falastindan Livan, Suriya va Erongacha, ularning o‘zlari xalqaro me’yorlarni oyoqosti qilmoqda va insoniyatga qarshi jinoyatlarni amalga oshirmoqda.
Pezeshkiyon bu bayonotlarni Tehronning Vahdat zalida bo‘lib o‘tgan sionistik rejim va AQSHga qarshi 12 kunlik mudofaa urushida halok bo‘lgan madaniyat, san’at va matbuot shahidlari xotirasiga bag‘ishlangan marosimda aytgan.
“Eron go‘yoki yadroviy bomba yasayapti, degan bahona bilan Isroil sionistik rejimi va AQSH shifoxonalarimiz va uylarimizga zarbalar berib, ayollar, bolalar va himoyasiz tinch aholini ataylab nishonga oldi”, degan u.
Prezidentning ta’kidlashicha, Eron dushmanlari mamlakatni kuchli va mustaqil ko‘rishni xohlamaydi. Lekin Eron xalqi hech qachon zo‘ravonlik va bosqinchilikka bosh egmaydi. Mamlakat hech qachon ta’zim qilmagan.
“Biz bu sodiq va fidoyi xalqdan minnatdormiz”, degan u.
Pezeshkiyon G‘arbning inson huquqlari bo‘yicha da’volari yolg‘ondan boshqa narsa emasligini ta’kidlagan.
“Bugun sionistik istilo rejimi xalqaro chegaralarni buzyapti, terror uyushtiryapti va barcha xalqaro qonunlarni oyoqosti qilyapti. Qanday qilib yevropalik siyosatchilar bu dahshat va jinoyatlarni kuzatib, uni oqlab, demokratiya va inson huquqlari haqida gapirishda davom etyapti? Bunday bayonotlarni jiddiy qabul qilish mumkinmi?” degan Eron rahbari o‘z so‘zida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon rossiyalik jurnalist Vladimir Solovyovga “Solovyov Live” telekanalida bergan intervyusida Rossiya va Eron o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki davlatning G‘arbga muhtoj emasligiga yaqqol dalil bo‘lganini aytgandi.
Live
Barchasi