Hukumat “G‘ijduvon”, “Namangan” EIZga oid qaror qabul qildi
Jamiyat
−
16 avgust 2019
4008O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “G‘ijduvon” EIZ hududini kengaytirish to‘g‘risidagi taklifga rozilik bildirdi. Bunga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 13 avgustdagi 670, 671-son qarorlarida aks ettirilgan.
“G‘ijduvon” EIZga Kogon shahri va Kogon tumanidan 200 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan bo‘sh turgan yer uchastkalari kiritiladi. Qo‘shiladigan yerlar va ishtirokchilarning ishlab chiqarish maydonlari tashqi yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ulanadi.
2 oy muddatda “G‘ijduvon” EIZ hududida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha manzilli dasturni Vazirlar Mahkamasiga kiritadilar. Tadbirkorlik sub’ektlari muntazam ravishda takliflar haqida xabardor qilinadi. Shuningdek, ularga EIZ hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda ko‘maklashadilar.
“G‘ijduvon” EIZ direksiyasiga Kogon shahar hokimligi ma’muriy binosidan zarur inventarlar bilan jihozlangan xonalar ajratiladi.
Bundan tashqari, 2019-2021 yillarda “Namangan” EIZni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlashning yig‘ma dasturi ishlab chiqildi. Elektr-, gaz ta’minoti va optik-tolali aloqa tarmoqlarini qurish ko‘zlanmoqda. Buning uchun 23 854,5 mln so‘m sarflash rejalashtirilayotir.
Yana shu yili “Namangan” EIZ hududida ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini qurish, unga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini, shuningdek ichki ko‘chalarni qurish va ta’mirlash loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishlari darkor. Qurilish-montaj ishlari 2020-2021 yillarda amalga oshiriladi.
LiveBarchasi