Hukumat ajratgan 150 mlrd so‘m kimlarga, qay tartibda tarqatiladi?

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va ko‘mak” fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam sifatida 150 mlrd so‘m tarqatilishi belgilandi.

Farmoyish e’lon qilinishi bilan tahririyatimizga fuqarolardan yordam kimlarga va qay tartibda tarqatilishi yuzasidan ko‘plab savollar tushdi. Shu sababli “Saxovat va ko‘mak” fondi rahbari Dilshod Usmonov bilan bog‘lanib, savollarga javob oldik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, moddiy yordam ajratiladigan oilalar ro‘yxati joylarda sektor rahbarlari tomonidan shakllantiradi. Keyin, ro‘yxat deputatlar kengashlariga tasdiqlatiladi. Bank orqali naqd pul olinib, sektor rahbarlari (hokim, prokuror, ichki ishlar boshqarmasi rahbari, Davlat soliq inspeksiyasi rahbari), bank xodimlari va volontyorlar bilan birgalikda tarqatiladi. Pullar naqd ko‘rinishda tarqatiladi.

“Joylarda tuman hokimi o‘rinbosari, sektor rahbarlari, mahalla raislari va volontyorlar bilan ro‘yxatlar shakllantirilgan. Buning ichida karantinda uyda o‘tirgan, hozir ishsiz bo‘lib qolgan, kam ta’minlangan, nogiron, chin yetim va qariyalar bor. Pul tarqatish boshlangan. Ro‘yxatga yana oilalar qo‘shilishi mumkin”, deydi Dilshod Usmonov.

Fond rahbarining aytishicha, hududlarda 1197 Call-markaziga tushgan murojatlar ro‘yxatlari yig‘ib borilyapti. Fuqarolar yordam oladiganlar ro‘yxatiga tushganmi-yo‘qmi bilishi ham mumkin ekan. 

“Tumanda “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish va volontyorlik markaz”lari bor. O‘sha yerdan joyiga borib yoki telefon orqali bilish mumkin. Hech qanday ro‘yxatga kiritilmagan bo‘lsa, joyida muammoni hal qilish imkoni bor”, deydi Usmonov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida 400 mingdan ortiq oilaning 1,7 mlndan ortiq a’zosiga 380 mlrd so‘mni tarqatish belgilandi.

Bu mablag‘larni tarqatish Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi idoralarga yuklatildi.


Maqola muallifi

Teglar

karantin

Baholaganlar

389

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing