200 kVt mashmashasi. “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbariyati savollarga javob berdi
Jamiyat
−
11 iyul
10387“200 kvtlik ijtimoiy norma kamlik qilyapti”, “Yoz fasli bo‘lishiga qaramasdan uyimizda tez-tez “svet” o‘chyapti”, “Elektrhisoblagichlar ortiqcha pul yozdi” … bu e’tirozlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga qaratilgan. Bir necha oydirki aholi energetika narxlari oshirilishi va sifatsiz tizimdan noroziligini bildirmoqda. Xo‘sh, 200 kVtlik ijtimoiy norma 1 oyga yetishiga mas’ullarning o‘zi ishonadimi? Bu kabi savollarga HET ommaviy axborot vakillari oldida javob berdi.
“Bizda qabul qilingan bu 200 kVt o‘zidan o‘zi qabul qilinmagan. Birinchidan, hamma mutasaddilar ko‘rgan, ikkinchidan, ishlab chiqarilgan elektr energiyadan kelib chiqib tariflarni tatbiq etdik. Yo‘q narsani amalga oshirmaymiz-ku. Bir narsaga e’tibor beringlar Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot banki juda ko‘p bukletlar chiqaradi – O‘zbekiston elektr sohasiga shuncha ishlatdi yillik, deb. Bular hammasi kredit. Toshkent shahrida anomal sovuqdan keyin nechta podstansiya bo‘lsa, hammasi kuchaytirildi, quvvat 1 barobardan ziyod oshirildi. Lekin bugun yana talab borligini bildiryapti. Chunki Toshkent shahri bo‘yiga ham eniga ham kattalashyapti”, deydi G‘aybullayev.
Shuningdek, HET rahbariyati elektrhisoblagichlar elektr energiyasini ortiqcha qo‘shib yozgani bo‘yicha savolga javob berib, ortiqcha hisoblangan pullar iste’molchilarga qaytarilishini ma’lum qildi.
“Agar haqiqatdan qo‘shimcha hisoblangan bo‘lsa, puli qaytarib beriladi, hech kimning haqqi qolib ketmaydi. Lekin shuni hisobga olish kerakki, respublikada 8 milliondan ziyod hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lsa, ularning ichidan qaysidiri nosoz chiqishi mumkin. Bu texnika. Shuning uchun agar nosoz ishlagan bo‘lsa, bu billing tizimidan aniqlanadi”, deydi HET boshqaruv raisi o‘rinbosari.
Mas’ullar, shuningdek, nima sababdan yoz mavsumi bo‘lishiga qaramay poytaxtda tez-tez “svet” o‘chayotganining sababini tushuntirib, yangi qurilayotgan uylar eski tarmoqqa ulanishi oqibatida tarmoqqa qo‘shimcha bosim yuklanayotganini sabab qilib keltirdi.
“Bir narsani tan olish kerak, poytaxtda oxirgi 5 yilda qilinayotgan bunyodkorlik ishlari juda ham “kolossalniy”. Ko‘chada ko‘rayotgan bo‘lsangiz qurilish ketayotgan joylarda tarmoq yo‘q. Poytaxtning muammolaridan bittasi biz faqat kabel bilan yer ostiga yotqizamiz. Shuning uchun juda ko‘p joyda kovlangan, boshqa… katta kuchlanishdagi elektr toki olib o‘tilyapti”, deydi G‘aybullayev.
Ommaviy axborot vositalarining savollariga HET bergan javob bilan batafsil QALAMPIR.UZ'ning Youtube sahifasida tanishing.
LiveBarchasi