Tadbirkorlar sho‘riga-sho‘rva. Biznes Ombudsman qidirilmoqda
Jamiyat
−
23 Sentabr
17001“Ixtiyoriy-majburiy quyosh panellari”. Sentyabr oyida majburan o‘rnatilayotgan quyosh panellari mavzusini nafaqat QALAMPIR.UZ, balki boshqa OAVlar va blogerlar yoritdi. Tadbirkorlar Hududiy elektr tarmoqlaridan 10 kun ichida quyosh paneli o‘rnatish, o‘rnatmasa, elektr energiyasi va tabiiy gazdan uzilish bo‘yicha ogohlantirish xatlarini oldi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Energetika vazirligi “tadbirkorlar majburlanmayapti”, deb chiqdi. Bu orada esa allaqachon tadbirkorlik sub’ektlarini elektr energiyasidan uzish ishlari boshlab yuborildi. O‘zining Telegram-kanalida “Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Biznes-ombudsman o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi”, deb qo‘ygan Biznes-ombudsman hali ham g‘iq etganicha yo‘q.
Bu tashkilot ishlamayaptimi, deb ularning Telegram-kanalini kuzatdik. Yo‘q, binoyidek ma’lumotlar berib, tadbirkorlarga berilgan imkoniyatlarni muhokama qilyapti ular. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Energetika vazirligi esa kuz-qishga tayyorgarlik ishlari va quyosh panellarining tejamkorligi haqida axborot bermoqda.
Bu yoqda sho‘ring qurg‘ur tadbirkorlar nima qilarini bilmay o‘tiribdi. Ular orasida ogohlantirish xatlari olmasdan chirog‘i o‘chirilganlar ham bor.
Shaxsi sir saqlanishini so‘ragan namanganlik tadbirkorga ko‘ra, 9 sentyabr kuni elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari quyosh panellari o‘rnatish kerakligi haqida tadbirkorni og‘zaki ogohlantirgan. Oradan 9 kun o‘tib, 18 sentyabr kuni tadbirkorlik sub’ektini chiroqdan uzib qo‘yishgan. Asosiy talab quyosh panellari o‘rnatish.
“Menga qarashli binoda ikkita tadbirkor faoliyat olib boradi. Har ikkisi ham soliq to‘lovchi. Shu vaqtgacha hech qanday muammosiz ishlab kelishyapti. Quyosh panel o‘rnatish haqida hech qanday ogohlantirish xati olganim yo‘q. 9 sentyabr kuni tuman elektr tarmoqlari xodimlari qo‘ng‘iroq qilib, quyosh paneli o‘rnatish ham majburiy, ham tavsiya ekanini aytdi. Quyosh panel o‘rnatishga ortiqcha mablag‘ yo‘qligini aytishimga qaramay, 18 sentyabr kuni kelib, “svet”dan uzib ketishdi”, deydi tadbirkor.
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida ham vaziyat shunday. Tahririyat bilan gaplashgan tadbirkorga ko‘ra, Kosondagi o‘nlab tadbirkorlarga ogohlantirish berilmasdan elektr energiyasidan uzishgan.
“O‘nlab tadbirkorlarni elektr energiyasidan uzib qo‘yishdi. Ogohlantirish xatlari berilgani yo‘q. Ko‘pchilik oziq-ovqat sotadi. Bu degani hamma o‘rnatishga majbur bo‘ladi”, deydi kosonlik tadbirkor.
Hech qanday ogohlantirishsiz chirog‘i o‘chirilayotganlar Toshkent viloyatida ham bor. Toshkent tumanida faoliyat olib boradigan tadbirkorlardan birining aytishicha, tuman elektr tarmoqlari xodimlari tadbirkorlik sub’ektiga borib, transformatorning oldida turib, unga qo‘ng‘iroq qilishgan va quyosh paneli o‘rnatgan yo yo‘qligini so‘rashgan. Qiziq tomoni, bu tadbirkor ham ogohlantirish xati olmay turib chiroqdan uzilgan.
QALAMPIR.UZ manbalariga tayanib, quyosh panellarini o‘rnatishga majburlovlarning boshida prokuratura turgan bo‘lishi mumkin, degandi. Buni tahririyatga murojaat qilgan bir nechta tadbirkorlar tasdiqladi. Nafaqat prokuratura, uning tuzilmasida bo‘lgan Majburiy ijro byurosi ham bu ishlarga bosh qo‘shganga o‘xshaydi.
Namanganlik tadbirkorning aytishicha, uni tuman MIB rahbari chaqirib ancha "tuzlagan".
“Tuman MIB rahbarini xonasidan chiqyapman. Nima deyishgayam hayronman, to‘g‘risi. Uch kun ichida quyosh paneli o‘rnatishimni aytishyapti. O‘rnatmasak, chiroq yonmasmish. Menga tegishli binoda ishlayotgan tadbirkorlarga joyni bo‘shatib qo‘yishlarini aytdim. Majburlov ortidan 3 ta tadbirkor va yana qancha ishchilarning sho‘ri quriydi. Quyosh paneli arzon turmaydi, o‘rnat, deganda darrov o‘rnata olmaymiz ham. To‘g‘risi, hafsalam pir bo‘ldi. Bu ketishda bor narsani sotib, qizil pasportni olib chiqib ketamiz, shekilli. Ishlashga qo‘yishmayapti”, deydi asablari tarang tadbirkor.
Toshkentdagi tadbirkorga esa prokuratura binosida uch kun muhlat berilgan.
“Korxonamni elektr energiyasidan uzib qo‘yishganidan keyin tuman prokuraturasiga borishga majbur bo‘ldim. Prokuror menga Prezident qarori borligi hamda 3 kun ichida quyosh panellari o‘rnatmasam bo‘lmasligini aytdi.
Korxona ishlashi, xodimlar ham ro‘zg‘or tebratishi kerak. Shu sababdan “oborot”dagi puldan olib quyosh panel o‘rnatishga majbur bo‘ldim. Quyosh panelini o‘rnatish 3000 AQSH dollariga tushdi. Surishtirsam, bu panel havo bulut bo‘lganda, quyosh ko‘rinmagan vaqtlarda biz ishlatadigan uskunalarga kerakli tokni yetkazib berolmaydi. Peshin vaqtlarida yaxshi yetkazadi. Xullas, majbur bo‘ldim to‘g‘risi”, deydi tadbirkorlardan biri.
Qashqadaryodagi holatda esa tadbirkorlarning chiroqlari o‘chirilishiga hokimlik bosh-qosh bo‘lgan. Tadbirkorlar so‘zidan ma’lum bo‘ldiki, bu ishni boshlagan eng quyi tuman elektr tarmoqlari bo‘lsa, ishni davom ettirish 4 ta sektor rahbarlari zimmasiga yuklatilganga o‘xshaydi.
Energetika masalasiga nega prokuratura yoki MIB aralashyapti, degan savol sizda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bunga ham to‘xtalib ketsak. Har holda o‘z-o‘zidan emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil yanvar oyida o‘tkazgan yig‘ilishda DXX va Bosh prokuraturaga energetika tizimidagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirig‘ini bergandi.
Oradan bir oy o‘tib fevral oyining 13 sanasida Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolangan “yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, Bosh prokurorning o‘rinbosarlari yana bittaga ko‘paygandi.
Bosh prokurorning yangi o‘rinbosariga yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatilgandi.
Shundan bo‘lsa kerak, quyosh panellarini o‘rnatish uchun tadbirkorlar bilan prokurorlar shug‘ullanmoqda.
Energetika sohasidagi korrupsion holatlarni yo boshqalarni prokuratura nazorat qilishi yaxshidir, lekin salla desa, kallani olish mutlaq noto‘g‘ri nima dedingiz?
Yuqorida ahamiyat bergan bo‘lsangiz, tadbirkorlarning ism-sharifi va boshqa ma’lumotlari keltirilmagan. Tahririyatga murojaat qilgan ko‘plab tadbirkorlar shaxsi sir saqlanishini so‘radi. Nega deysizmi? Ularning hammasi o‘zidan qo‘rqadi. Quyosh panel o‘rnatmasa, yuqoridagilarning aytganini qilmasa, tekshiruv boshlanadi, yugur-yugur ko‘payadi. Buning ortidan ish to‘xtaydi. Och qornim, tinch qulog‘im deganlaridek, tadbirkorlar ham ishi tinch yurishi uchun quyosh panel qo‘yishga majbur bo‘ladi. Energetika vazirligidagilar hali ham hech kim elektr energiyasi yoki gazdan uzilmaydi, deb o‘tirgan bo‘lsa, Biznes-ombudsman esa bir chekkada tadbirkorlar huquqi buzilayotganiga jim qarab, kuzatib o‘tiraveradi.
LiveBarchasi