Hozir 2014 yilning fevrali emas. Bizda boshqa davlat, boshqa armiya bor – Zelenskiy xalqiga murojaat qildi
Olam
−
22 fevral 2022
9329Ukraina o‘z hududlarini hech kimga bermaydi, balki vaziyatni diplomatik va tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiq qoladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy halqqa murojaatida aytdi.
“Biz tinch va diplomatik yo‘lga sodiqmiz va faqat shu yo‘ldan boramiz. Biz o‘z yerimizdamiz. Biz hech narsadan va hech kimdan qo‘rqmaymiz. Bizning hech kimdan qarzimiz yo‘q. Hech kimga hech narsa bermaymiz. Bunga ishonchimiz komil. Hozir 2014 yil fevral emas, 2022 yil fevral — boshqa davlat, boshqa armiya. Bir maqsad — Ukrainada tinchlik. Ukrainaga shon-sharaf!” degan u Rossiyaning Donetsk va Lugansk xalq respublikalari suverenitetini tan olish qarorini izohlar ekan.
Davlat rahbari, shuningdek, Ukraina chegaralari ishonchli himoyalanganiga ishontirgan.
“Biz siyosiy-diplomatik yechim yo‘liga sodiqmiz, hech qanday ig‘vogarlikka yo‘l qo‘ymaymiz, chegaralarimiz ishonchli himoyalangan, hududiy mudofaa tizimi yaratilgan, hamkorlarimiz bizni qo‘llab-quvvatlamoqda”, degan Zelenskiy.
U hozir tartibsiz harakatlar uchun hech qanday sabab ko‘rmayotganini ta’kidlagan.
“Agar biz vaziyat o‘zgarganini va xavf-xatar kuchayganini ko‘rsak, u holda sizlar [ukrainaliklar] bu haqda albatta bilib olasizlar”, deya xulosa qilgan u.
Zelenskiy ukrainaliklarga murojaati boshida tarixdan uzoq ma’ruzalar o‘qishga vaqti yo‘qligini aytgan.
“Biz o‘tmish haqida gapirmaymiz, balki voqeliklar haqida gaplashamiz. Ukraina xalqaro tan olingan chegaralar doirasida mening ortimda va Rossiya Federatsiyasining har qanday harakatlari yoki bayonotlariga qaramay, shunday bo‘lib qolaveradi”, degan u.
DXR va LXRning Rossiya tomonidan tan olinishi
Zelenskiy DXR va LXR suverenitetini tan olgan Rossiyaning harakatlarini o‘z mamlakatining hududiy yaxlitligini buzish deb atagan.
“Ukraina Rossiya Federatsiyasining so‘nggi harakatlarini so‘zsiz davlatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzish sifatida baholaydi. Bu harakatlar bilan bog‘liq oqibatlar uchun barcha javobgarlik Rossiya siyosiy rahbariyatiga yuklanadi. Donetsk va Lugansk viloyatlarining bosib olingan hududlari mustaqilligini tan olish Rossiyaning Minsk kelishuvlaridan bir tomonlama chiqib ketishi va Normandiya [Normand formati] doirasidagi qarorlarni e’tiborsiz qoldirishi mumkin”, degan Zelenskiy.
Uning fikricha, bu tinchlik sa’y-harakatlariga putur yetkazadi va mavjud muzokara formatlarini yo‘q qiladi.
“Biz ham xotirjammiz, ham o‘zimizga ishonamiz. Siz ukrainlar aqlli va donishmand xalq ekanini, hech narsaga qaramay, sovuqqonlikni saqlaydigan, bosiqlik bilan, muvozanatli, kattalarcha munosabat bildiradigan xalq ekanligini yana bir bor isbotlaysiz. Biz uzoq vaqtdan beri hamma narsaga tayyormiz. Lekin uyqusiz tuningiz uchun hech qanday sabab yo‘q”, deb ishontirgan Zelenskiy xalqini.
Ma’lumot o‘rnida, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmonni imzolash marosimida LXR va DXR rahbarlari ham ishtirok etdi.
LiveBarchasi