“Hozir vahima qilish vaqti emas”. Rossiya hujumini kutayotgan Zelenskiy xalqiga murojaat qildi
Olam
−
21 yanvar 2022
11833Ukraina urushni istamaydi, lekin unga doim tayyor turishi kerak. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqqa videomurojaatida ta’kidladi.
Prezident ukrainaliklarni Rossiya bosqinining ehtimoli haqidagi xabardan vahimaga tushmaslikka chaqirgan.
“Urush sakkiz yildan beri davom etmoqda, hozir vahima qilish, vaziyatni keskinlashtirish, grechka va gugurt sotib olish vaqti emas. Sakkizinchi yil ketayotgani haqiqat emasmi? Bosqinchilik 2014 yilda boshlanmadimi? Urush xavfi endigina paydo bo‘ldimi? Bu xavflar paydo bo‘lganiga bir kun bo‘lmadi va hozir ular kattalashgani yo‘q, hozir ular atrofida hayajon kuchaygan”, degan Ukraina Prezidenti.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina mudofaa uchun tayyor, fuqarolar esa faqat rasmiy ma’lumotlarga ishonishlari va vahima qilmasliklari kerak.
“Endi ular bizning yerimizga emas, balki asabimizga faol hujum qilmoqda”, degan Prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “hujum”dan maqsad investorlar va biznes bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina rasmiylari barcha mumkin bo‘lgan tahdidlardan xabardor va ularga qanday javob berishni tushunadi.
Prezidentga ko‘ra, Kiyev mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun hamma narsa qilmoqda.
“Ukraina qo‘rqmaydi, chunki u o‘z yerlarini himoya qilmoqda. Taslim bo‘lmaydi, chunki bu bizning yerimiz, qochadigan joyimiz yo‘q. Ukraina mudofaa imkoniyatini doimiy ravishda kuchaytirmoqda. Biz buni diplomatiya yo‘li bilan hal qilish uchun hamma narsani qilyapmiz, Ukrainada tinchlikka erishish uchun hamma narsani qilyapmiz”, degan Zelenskiy.
Rossiya G‘arbning Ukrainaga hujum qilish niyatida ekani haqidagi ayblovlarini bir necha bor rad etgan. Kremlning fikricha, bunday bayonotlar Rossiya chegarasi yaqinida NATO kuchlarining mavjudligini kengaytirish uchun foydalanilmoqda. Kreml Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, mamlakat qo‘shinlarini o‘z hududi ichida va o‘z xohishiga ko‘ra olib o‘tadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hech kimga tahdid solmaydi va hech kimni tashvishga solmasligi kerak.
LiveBarchasi