Hokimlarning ayrim masalalarda vakolatlarini cheklash taklif etildi
Jamiyat
−
10 iyun 2020
6718Yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish bo‘yicha ularning vakolatlarini cheklash taklif etilmoqda.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi. Ma’lum qilinishicha, ushbu qonun loyihasi mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yish vakolatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, qonunda hech kim sud qarorisiz mulk huquqidan mahrum qilishga yoki uni cheklab qo‘yishga haqli emasligi mustahkamlab qo‘yilyapti.
“Xususiylashtirilgan xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasini olib qo‘yish, basharti u natsionalizatsiya qilinadigan bo‘lsa, faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganida amalga oshiriladi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasining shartnoma qiymati va boshqa zararlarning o‘rnini davlat tomonidan oldindan qoplash sharti bilangina, basharti u rekvizitsiya qilinadigan bo‘lsa, xususiylashtirilgan yer uchastkasining mulkdoriga yetkazilgan zararlar va boshqalarning o‘rnini qoplash sharti bilan amalga oshirilishini nazarda tutish taklif etilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun mas’ul qo‘mita tomonidan tayyorlanmoqda.
LiveBarchasi