Hokimlarni xalq saylaydigan tartib o‘rnatish taklif qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda hokimlarni xalq saylaydigan tartib o‘rnatish taklif etilyapti. Bu haqda “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan “Hokimlarni xalq tomonidan saylash amaliyotini joriy etish haqida”gi petitsiyada qayd etilgan. 

Unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlash davlat xizmatchilarining fidoiyligi, shijoati, bilimi va xalq bilan ishlay olish ko‘nikmasiga bog‘liq ekani ta’kidlangan. 

“Bu borada, ayniqsa, tuman hokimlarining mas’uliyati va majburiyatlari juda yuqori. Shu sababli, shahar va tuman hokimlarini xalq tomonidan saylash amaliyotini tezroq joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ijtimoiy tarmoqlardan ma’lumki, hozirda ko‘plab hokimlarga nisbatan aholining norozilik kayfiyati mavjud. Shu tufayli, hududlarda aholini boshqaradigan hokimlarni xalqning o‘zi tanlashi va saylash amaliyotini joriy etish zarur. Shundagina hokimlarimiz xalq dardini eshitadi, u bilan birga ishlaydi”, deyilgan petitsiyada.

Qayd etilishicha, har bir tuman yoki shahardan belgilangan miqdorda nomzod tanlab, ularning eng ma’qulini saylov o‘tkazish yo‘li bilan saylash kerak. Saylangan hokim ishini baholashni esa yana o‘sha xalq zimmasida qoldirish maqsadga muvofiq. Bu borada alohida qonun hujjatini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish zarur.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, hokimlarni xalq tomonidan saylash amaliyotini joriy etishni taklif qilamiz”, deyiladi petitsiyada.


Maqola muallifi

Teglar

petitsiya Hokim

Baholaganlar

129

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing