Infantinoni tergov qilish talabi bilan ommaviy petitsiya boshlandi
Sport
−
11:18 433 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantinoni tergov qilishni talab qiluvchi petitsiyaga 100 mingdan ortiq kishi imzo chekdi. Bu haqda “FairSquare” inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
Joriy yilning avgust oyida “FairSquare” FIFA’ning Etika qo‘mitasiga Infantinoning faoliyati yuzasidan shikoyat bilan murojaat qilgan. Tashkilot uning siyosiy betaraflik tamoyilini buzgani, vakolatlarini suiiste’mol qilgani va AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlari orqali FIFA’ning etika kodeksi talablariga zid harakat qilganini ta’kidlamoqda.
“FairSquare” avvalroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga ham shikoyat bilan murojaat qilgan edi. Biroq XOQ iyul oyida ushbu masala uning Etika komissiyasi vakolatiga kirmasligini bildirib, shikoyatni ko‘rib chiqishdan bosh tortgan.
Bundan tashqari, Infantino rahbariyati davrida FIFA Forward Enterprise nomli yangi tuzilma tashkil etish rejasi ham jiddiy tanqidlarga sabab bo‘lgan. Ushbu loyiha FIFA musobaqalarining, jumladan Jahon chempionatining tijoriy huquqlariga xususiy investorlarni jalb etishni nazarda tutgan va taxminan 4,2 milliard dollar mablag‘ jalb qilishi mumkin edi. Biroq kuchli qarshiliklar ortidan tashabbus 31 iyul kuni bekor qilindi.
Mazkur reja sababli UEFA, OFK va CONCACAF Infantinoning iste’foga chiqishini talab qildi. Shu bilan birga, Afrika va Janubiy Amerika futbol konfederatsiyalari FIFA prezidentini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, 56 yoshli Infantino 2016 yil fevral oyida FIFA prezidenti etib saylangan. U keyinchalik ikki marta raqobatsiz qayta saylandi. Infantino 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda to‘rtinchi muddatga nomzodini qo‘yish niyatida ekanini tasdiqlagan. Nomzodlarni taqdim etishning so‘nggi muddati joriy yilning 18 noyabr hisoblanadi. Hozircha unga rasman raqib bo‘ladigan boshqa nomzod e’lon qilinmagan.
Live
Barchasi