Hokimlar va vazirlar oddiy odamlardan yuz o‘girgan – To‘qayev

Olam

image

“Qozog‘istonda hokimlar va vazirlar oddiy odamlardan yuz o‘girgan, ular fuqarolarning shikoyatlari va murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirmayapti. Ko‘pchilik tushkunlikka tushib, kimga dardini aytishni bilmayapti”. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 29 iyun kuni o‘tkazgan yig‘ilishida gapirgan. 

Davlat rahbarining qayd etishicha, mamlakatda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda davlat organlarining olib borayotgan axborotlashtirish siyosati juda muhim. Birinchi bosqichda bu ishlar yaxshi tashkil etilgan, keyingi bosqichda esa tashkilotlar ushbu masalani o‘z holiga tashlab qo‘ygan. 

“Www.coronavirus2020.kz saytiga kelib tushgan 40 mingga yaqin savollarning uchdan bir qismiga javob berilgan, xolos. Bunday munosabat natijasida bizda soxta, noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘paydi”, deydi Prezident. 

Qosim-Jomart To‘qayev axborot ishlariga yondashuvlarni tubdan qayta ko‘rib chiqishni, mas’ul shaxslar ishtirokida doimiy brifinglar o‘tkazishni va aholiga kasallik holatida harakatlar algoritmi to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va sifatli ma’lumot berib borishni buyurdi. 

“Nima uchun telekanallarning jonli efirida shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savollar yo‘llab, ulardan javob olish tarzidagi ko‘rsatuvlar tashkil etilmayapti? Fuqarolarga dori-darmonlarni qabul qilish bo‘yicha tushuntirish berish kerak”, deydi To‘qayev. 

Yig‘ilishda hokimlar va vazirlarga byudjetlarni ko‘rib chiqish va barcha keraksiz xarajatlardan voz kechish, konferensiyalar, davra suhbatlari, tantanalar o‘tkazmaslik, konsalting va PR-xizmatlar faoliyatini to‘xtatish buyurildi. Iqtisod qilingan mablag‘lar esa epidemiyaga qarshi kurashga yo‘naltiriladi. 

Bundan tashqari, davlat rahbari narx-navo mo‘tadilligini saqlab qolish va aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini muntazam qondirib borish, odamlar bandligi va iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, iqtisodiyotni kompleks tiklash bo‘yicha rejalarni belgilangan vaqtda to‘liq amalga oshirish vazifasini ko‘ndalang qo‘ydi. Ushbu masalalar har bir hokimning shaxsiy nazoratida bo‘lishi kerak. 

Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat e’tiborini favqulodda choralar bilan bir qatorda koronavirusning uzoq muddatli pandemiyasiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. Shu munosabat bilan istiqbolda qozog‘istonliklarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha milliy rejani ishlab chiqish topshirildi.

“Bu yangi kasallik va uning vaksinasi mavjud emas. Shu bois vahima qo‘zg‘ashga, shifokorlarni haqorat qilish, karantin choralarini buzishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. 

Bemorlar bezovtalanib, umidsizlikka tushmasligi kerak. Nafaqat muolajalar, balki ularning jismoniy va ma’naviy holati ham tezroq oyoqqa turishiga turtki bo‘ladi. Sizdan Sog‘liqni saqlash vazirligining barcha talablariga rioya qilishingizni so‘rayman. Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz Qozog‘iston Respublikasining asosiy boyligi – fuqarolarimiz sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan”, deydi To‘qayev so‘zini yakunlarkan. 

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda koronavirusga chalingan 21 819 kishi aniqlangan. Ulardan 13 008 nafari sog‘aygan, 188 nafari vafot etgan. Bemorlar orasida mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev ham bor. Nazarboyev ma’muriyati joriy yilning 18 iyun kuni unda koronavirus aniqlanganini xabar qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, u o‘zini izolyatsiyaga olib, faliyatda davom etayotgani xabar qilindi. Oradan bir haftadan ortiq vaqt o‘tdi hamki rasmiy Nursulton sobiq Prezidentning holati haqida miq etmayapti. 


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

52

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing