Hokimlar aholi muammolarini hal qilishda faqat “Open budget”ga ishonib qolmasligi kerak
Jamiyat
−
22 avgust
3507Iqtisodiyot va moliya vazirligi mahalliy hokimliklarning aholi muammolarini hal qilishda faqat “Open budget”ga tayanib qolayotganini qoraladi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazirlikning Davlat byudjeti siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Shohruh Ishanqulov ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ muxbiri “Tashabbusli byudjet” aholining ko‘plab muammolariga barham berish bilan birga mahalliy hokimliklar uchun bahona sifatida xizmat qilayotgani, fuqarolar mahallalardagi muammosi bilan hokimiyat eshigiga borsa, ularga “Open budget”da ishtirok etib, yutib, bu muammoni hal qilish mumkinligi aytilayotganiga Iqtisodiyot va moliya vazirligidan munosabat so‘radi. Bu savolga esa Ishanqulov shunday javob berdi:
“Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Tashabbusli byudjet”ning har mavsumi avvalida mahalliy hokimliklar bilan onlayn va oflayn yig‘ilishlar tashkil etiladi. O‘shanda nafaqat “Tashabbusli byudjet”, balki boshqa loyihalarning ham amalga oshirilishida rejalashtirilgan mablag‘larning sarflanishi, manzilliligi muhokama qilinadi. Bu borada hatto hamkasblarimiz hududlarga chiqib, mazkur holatlarni o‘rganmoqda. Agar fuqarolar o‘z mahallalaridagi muammolar bilan hokimiyatlarga murojaat qilsa, hokimliklar “Tashabbusli byudjetga” ishonib, muammolarning hal qilinishini kechiktirishga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Bundan keyin ham Iqtisodiyot va moliya vazirligi bunday vaziyatlarga qarshi turadi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha ovoz berish jarayonlariga 22 avgustdan boshlab start berildi va bu 1 sentyabrgacha davom etadi.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi