Hindistondagi dahshatli aviahalokatda 1 kishi omon qoldi (video)

Olam

image
Hindistondagi dahshatli aviahalokat: samolyot yotoqxona ustiga qulagan (fotoreportaj) north_east

Hindistondagi dahshatli aviahalokat: samolyot yotoqxona ustiga qulagan (fotoreportaj)

Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan 40 yoshli Vishvakumar Ramesh Air India’ning AI171 reysi halokatidan omon qolgan yagona odam bo‘ldi. U Londonga uchayotgan samolyotda 11A o‘rindig‘ida, ya’ni favqulodda chiqish yonida, oynaning yonida o‘tirgan. U bu haqda DD News jurnalistlariga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Xavfsizlik kamarini yechishga muvaffaq bo‘lganimda, deraza yaqinidagi eshikni oyog‘im bilan tepib ochdim va tashqariga sudralib chiqdim”, deydi u.

Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bortda qolgan 241 kishining barchasi – 229 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi esa halok bo‘lgan. Qurbonlarning aksariyati Hindiston (169 kishi) va Britaniya (52 kishi) fuqarolari bo‘lgan. Ulardan faqatgina aynan Ramesh mo‘’jizaviy tarzda omon qolgan.

U o‘tirgan samolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, Ahmadoboddagi tibbiyot xodimlari va talabalari yashaydigan yotoqxonaga qulagan. Hozirgacha 200 dan ortiq jasad topilgan, ammo ularning qaysi biri yo‘lovchi, qaysi biri yerda bo‘lgan qurbon ekani aniq emas.

Rameshning so‘zlariga ko‘ra, ko‘tarilishdan bir necha lahza o‘tib, salonda chiroqlar titray boshlagan.

“Samolyot go‘yoki havoda “osilib” qolganday bo‘ldi. Chiroqlar yashil va oq rangda yaltirardi… So‘ng samolyot binoga urildi va portladi”, deydi u.

Ramesh o‘tirgan joy samolyotning qulagan qismida bo‘lgan, binoga tegmagan, shu sababli omon qolishga imkon bo‘lgan.

“Deraza eshigi otilib ketganida tashqarida bo‘sh joy borligini ko‘rdim. U yerdan o‘ta oldim”, deydi u.

Samolyot ikkinchi tomoni bilan pastga qulagan bo‘lgani bois, qarama-qarshi tomonda o‘tirgan yo‘lovchilar uchun qochish imkoni bo‘lmagan.

Halokat sabablari hozircha noma’lum. Faqatgina “qora quti” topilgani va u orqali tekshiruv davom ettirilishi ma’lum.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda, Ramesh o‘z oyog‘i bilan tez yordam mashinasiga yaqinlashayotgani, orqasida esa tutun ko‘tarilayotgani ko‘rinadi.

“Yonimdagi ikki yo‘lovchi va styuardessalar ko‘z o‘ngimda halok bo‘ldi. O‘sha paytda men ham o‘lyapman deb o‘yladim. Ammo ko‘zimni ochganimda, tirik ekanimni tushundim. Haligacha tirik qolganimga ishonolmayman. Men vayronalar ostidan tirik chiqdim”, deya voqeani xotirlaydi u.

Rameshning shifokori Dhaval Gameti uning tanasida ko‘plab jarohatlar borligini, biroq hayotiga xavf yo‘qligini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Vishvakumar Ramesh Hindistonda tug‘ilgan, lekin 2003 yilda Britaniyaga ko‘chib o‘tgan. U bilan birga ukasi Ajay ham uchgan va hodisa oqibatida halok bo‘lgan. Ularning amakivachchasi Hiren Kantilalga ko‘ra, ular Hindistonga bir necha oylik ta’tilga kelgan.

Air India’ga tegishli Tata Group kompaniyasi hodisani o‘rganish uchun Buyuk Britaniya va AQSHdan mutaxassislar kelganini e’lon qildi.

Kamida sakkiz kishi samolyot qulagan binoda – yotoqxonada halok bo‘lgani aniqlangan. Ularning to‘rttasi tibbiyot talabasi, to‘rttasi esa xodimlarning yaqinlari bo‘lgan. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi halokat joyiga va shifoxonaga tashrif buyurgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, faqat 6 ta jasad tanib olingan. Ko‘pchilik jasadlar tanib bo‘lmas holatda bo‘lgani sabab, DNK tahlili orqali aniqlash ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu aviahalokat joriy yilning 12 iyun kuni Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahrida sodir bo‘lgan edi. Dastlab hodisa oqibatida samolyot bortida bo‘lgan barcha 242 kishi, shuningdek, uchoq qulagan talabalar yotoqxonasidagi 35 kishi – jami 317 nafar odam halok bo‘lgani aytildi. Keyinroq ushbu reysda uchgan bir kishining omon qolgani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston aviahalokat Ahmadobod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing