Hindistondagi aviahalokat qurbonlari soni 300 dan oshdi – OAV
Olam
−
13 iyun 2025 5175 2 daqiqa
Kecha, 12 iyun kuni Hindistonning Ahmadobod shahrida yuz bergan dahshatli aviahalokat qurbonlari soni 317 nafarga yetdi. Bu haqda “The New Indian Express” nashri xabar berdi.
Shahar politsiyasi vakillarining tasdiqlashicha, London yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan Boeing 787 Dreamliner bortida bo‘lgan barcha yo‘lovchilar va 10 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar xizmat ko‘rsatuvchi binolar joylashgan Atulyam-Flets tumanida yana 75 jasadni topgan.
Samolyotning parchalari yashash hududi bo‘lgan Forestri-Kross-roud mahallasiga qulagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Boeing ning dum qismi binolardan biriga urilgan, oqibatda uning devorlari tutun bilan qoplangan. Portlash to‘lqini boshqa bir uy tomini ham zararlab, yong‘inga sabab bo‘lgan. Hozirda mutaxassislar halokat joyini o‘rganib, hodisaning aniq sabablarini aniqlash ustida ishlamoqda.
Halokatga uchragan samolyot bortida 169 nafar Hindiston fuqarosi, 53 nafar britaniyalik, 7 nafar portugaliyalik va 1 nafar kanadalik bo‘lgan. Hodisa guvohlaridan biri samolyot qulagach, yerda yonib ketgan jasadlar va Boeing parchalari aralashib yotganini aytgan.
Hozir ham halokat hududida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya maktubi yo‘llagani xabar qilingandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov dastlabki ma’lumotlar asosida mazkur reysda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi