Hindistonda yuk poyezdi yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
17 iyun
7346Bugun, 17 iyun kuni Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida yuk poyezdi “Kanchanjunga Express” yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashib ketdi. Bu haqda “The Hindu” nashri xabar berdi.
Aniqlanishicha, ertalab temiryo‘l stansiyasi tomon yo‘l olgan yo‘lovchi poyezdining uchta orqa vagoni shtatning Darjiling tumanida yuk poyezdi bilan to‘qnashib, relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida 15 yo‘lovchi halok bo‘lgan va 60 nafari yaralangan.
Voqeadan xabar topgan G‘arbiy Bengaliya Bosh vaziri Mamata Banerji yordam operatsiyalari bilan tanishish uchun Yangi Jalpayguridagi voqea joyiga yetib borgan. Davlatning bir nechta agentliklari mahalliy aholi bilan birgalikda poyezd vagonlari ichida qolib ketgan yo‘lovchilarni qutqarish ishlarini olib bormoqda.
Temiryo‘l rahbarining so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida yuk poyezdining ikki nafar haydovchisi ham bor.
Poyezdlar to‘qnashishi ortidan, mamlakat Kongressi Bosh vazir Narendra Modi hukumatini mutlaqo noto‘g‘ri boshqaruv siyosatini olib borayotganlikda ayblab, so‘nggi 10 yil ichida Temiryo‘l vazirligi hukumatning noto‘g‘ri boshqaruviga asoslanib ish tutayotganini da’vo qildi.
“Mas’uliyatli muxolifat sifatida, Modi hukumati Temiryo‘l vazirligini qanday qilib tizimli ravishda o‘zini-o‘zi reklama qilish platformasiga aylantirganini aytish bizning majburiyatimizdir!”deya fikr bildirgan Kongress prezidenti Mallikarjun Xarge o‘zining X ijtimoiy tarmog‘i (sobiq Twitter)dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda poyezd vagonlari relsdan chiqib ketgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi