Hindistonda fohishalikka majburlangan o‘zbekistonlik ayol qutqarildi
Olam
−
25 Oktabr 2025 6939 1 daqiqa
Hindistonning Haydarobod shahrida politsiya mehmonxonalardan birida faoliyat yuritgan fohishabozlik tarmog‘iga qarshi reyd o‘tkazdi. Operatsiya davomida uch nafar ayol qutqarilgan bo‘lib, ular orasida O‘zbekiston fuqarosi ham bor. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralari tarmoq tashkilotchisi, 36 yoshli Sharifni, yetti nafar mijozni hamda mehmonxona administratorini qo‘lga olgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sharif Style Maker nomli salonni boshqargan va ishsiz ayollarga mo‘maygina pul va’da qilgan, so‘ngra ularni fohishalik qilishga majburlagan.
Tintuv mehmonxonaning 111 va 112-raqamli xonalarida o‘tkazilgan bo‘lib, politsiya 5 950 rupiy (820 ming so‘m) naqd pul va 13 dona mobil telefonni topgan.
Politsiya vakillarining aytishicha, tashkilotchi ayollarni ishga joylashtirish va’dasi bilan aldab, ularni ekspluatatsiya qilgan.
“Operativ guruh o‘z vaqtida ishga aralashib, keyingi zo‘ravonliklarning oldini oldi”, deyiladi xabarda.
Qo‘lga olinganlar, topilgan dalillar politsiya bo‘limiga olib ketilgan va so‘ngra tergov uchun topshirilgan. Hukumat vakillari noqonuniy faoliyatga ko‘z yumgan mehmonxona rahbariyatini ham javobgarlikka tortishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro eraportidan Hindiston davlatiga fohishalikka jo‘natilayotgan 2 qiz to‘xtatib qolingandi.
Live
Barchasi