Hindistonda ham havo ifloslanishi ortidan tandirlar nishonga olindi
Olam
−
16 dekabr 1292 2 daqiqa
Hindistonning Dehli shahrida oddiy tandir havoning ifloslanishiga qarshi kurash doirasida so‘nggi nishonga aylandi. Bu haqda “India Today” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Dehli Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi shahar bo‘ylab barcha mehmonxonalar, restoranlar va ochiq ovqatlanish shoxobchalarida ko‘mir va o‘tin yoqiladigan tandirlardan foydalanishni taqiqlovchi ko‘rsatma bergan.
Bugun, 16 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:00 holatiga ko‘ra, Dehlining aksariyat hududlarida havo sifati indeksi (AQI) qariyb 400 darajada qayd etilgan. Restoran va ovqatlanish joylarida qo‘llaniladigan tandirlarga qo‘yilgan taqiq o‘tgan haftada kuchga kirgan.
Mahalliy nashlarning yozishicha, ushbu buyruq “Havoni ifloslanishdan muhofaza qilish va nazorat qilish to‘g‘risida”gi 1981 yilgi qonunning 31(A)-moddasiga asosan chiqarilgan. Unga ko‘ra, barcha restoran va ovqatlanish shoxobchalari zudlik bilan elektr, gaz yoki boshqa toza yoqilg‘ida ishlaydigan jihozlarga o‘tishi shart.
Qayd etilishicha, Dehli hududida havo sifati yomonlashgani sababli joriy yilning 13 dekabr kuni Ifloslanishga qarshi bosqichma-bosqich choralar rejasining IV bosqichi joriy etilgan. Ushbu choralar doirasida biomassa, chiqindilar yoki shunga o‘xshash materiallarni (jumladan, ko‘mirni) ochiq yoqish qat’iyan taqiqlanadi.
PTI xabariga ko‘ra, shahar boshqaruv organlari, jumladan, munitsipal idoralar komissarlari va bosh muhandislariga o‘z hududlaridagi barcha ovqatlanish shoxobchalarida ko‘mir va o‘tindan foydalanish darhol to‘xtatilishini tekshirish va ta’minlash topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov ekologik reyd davomida somsaxona tandirlarini buzdirib tashlagani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq esa hokimga nisbatan ushbu ishi uchun hayfsan intizomiy jazo chorasi berildi.