Hindiston Pokistonga raketalar bilan zarba berdi. Islomobodning javobi qanday bo‘ladi? (video)
Olam
−
07 may 2025 9859 3 daqiqa
Bugun, 7 mayga o‘tar kechasi Hindiston armiyasi Pokistondagi “terrorchilik” infratuzilmasiga qarshi qaratilgan “Sindur” operatsiyasini e’lon qilib, yarim tundan keyin mamlakatning Muzaffarobod shahri atrofiga raketa zarbalarini yo‘lladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Hindiston Mudofaa vazirligi Pokistondagi 9 ta nishonga jami 9 ta raketa zarbasi berilganini ma’lum qildi. Nyu-Dehli nishonlar Pokiston harbiy ob’ektlari emasligini alohida ta’kidladi.
“Pokistonning hech bir harbiy ob’ektiga hujum qilinmadi. Hindiston maqsad va usullarni tanlashda ancha vazminlik ko‘rsatdi”, deyilgan Hindiston Mudofaa vazirligining xabarida.
Pokiston Mudofaa vazirligi Hindiston mamlakat hududiga raketa zarbalari yo‘llaganini tasdiqladi. O‘z navbatida, Pokiston javob choralari ko‘rilishini ta’kidladi.
“Ani” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, barcha zarbalar Hindiston hududidan yuqori aniqlikdagi qurollar yordamida amalga oshirilgan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ham zarbalar Hindiston hududidan amalga oshirilganini tasdiqladi va uning bayonotida Nyu-Dehli Pokiston suverenitetini buzishda ayblandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonning raketa zarbasi oqibatida Pokistonning Kotli shahrida ikki tinch fuqaro halok bo‘lgan. Sharqiy Ahmadpur shahrida kamida 12 kishi jarohatlangan. Hindiston ikkita masjidga ham zarba bergan. Keyinroq Pokiston Mudofaa vazirligi 8 nafar tinch aholi halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Pokiston rasmiylariga ko‘ra, mamlakat armiyasi Hindistonning 5 ta qiruvchi samolyotini, jumladan, ikkita Rafale samolyotini urib tushirgan.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Hindiston hujumini “urush harakati” deb atadi.
“Pokiston Hindiston tomonidan joriy etilgan ushbu urush aktiga qat’iy javob berishga to‘liq haqli va hal qiluvchi javob allaqachon berilgan”, deb yozadi u X sahifasida.
Pokiston ham havo hududini 48 soatga yopdi va Hindistonning Kashmirdagi chegara hududlariga javob qaytardi. Mamlakat Qurolli kuchlari Hindiston armiyasi brigadasi shtab-kvartirasiga zarba bergani haqida xabar berdi.
Sharif Milliy xavfsizlik qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazdi. Mamlakat Axborot vaziri Attaulla Tararning ma’lum qilishicha, uchrashuv ertaga, 8 may kuni soat 10:00 ga belgilangan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Hindistonning “o‘ylamasdan” qilgan harakatlari yadro quroliga ega davlatlarni yirik mojaroga yaqinlashtirganini aytdi. Panjob provinsiyasida favqulodda holat e’lon qilindi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroning kuchayishini “sharmandalik” deb atadi va uning tezroq hal etilishiga umid bildirdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, Guterrish Hindistonning harbiy amaliyotidan juda xavotirda. U har ikki davlatni maksimal darajada harbiy vazminlikka chaqirgan.
Hindiston hukumati Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni va BAA vakillari bilan bog‘lanib, ularga Pokistonga qarshi operatsiya haqida xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 may kuni “Satya Hindi” telekanali Hindiston havo kuchlari Pokiston bilan chegarada yuqori jangovar shay holatga keltirilgani haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi