Hindiston havo kuchlari Pokiston chegarasida jangovar shay holatga keltirildi
Olam
−
05 may 6899 2 daqiqa
Bugun, 5 may kuni Hindiston havo kuchlari Pokiston bilan chegarada yuqori jangovar shay holatga keltirildi. Bu haqda “Satya Hindi” telekanali xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, Rajasthan va Panjob shtatlaridagi havo bazalarida joylashgan qiruvchi samolyot ekipajlari doimiy uchishga shay holatda turibdi. Zarurat tug‘ilgudek bo‘lsa, 300 kilometrdan ortiq masofaga uchuvchi SCALP qanotli raketalar bilan jihozlangan Fransiyaning Rafale samolyotlari ham safarbar etilishi mumkin.
“Bu choralar 5 mayga o‘tar kechasi Pokiston tomonidan Kashmirdagi nazorat chizig‘i bo‘ylab sakkizta sektor bo‘yicha uyushtirilgan otishmalar bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.
Pahalgamdagi terakt
22 aprel kuni qurollangan shaxslar Hindistonning Jammu va Kashmir shtatining Pahalgam tumanida sayyohlarga qarata o‘t ochib, 26 kishini o‘ldirdi. Bundan tashqari, ko‘plab odamlar jarohatlangan.
Hujum ortidan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifini to‘xtatib, Nyu-Dehliga qaytdi. Poytaxtga kelgach, Modi vaziyatni baholash uchun yuqori martabali amaldorlar bilan xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Hindiston hukumati hujumda Pokistondan kelgan odamlarni aybladi.
Hindiston Hind suvlari shartnomasini to‘xtatdi, Nyu-Dehlida joylashgan pokistonlik maslahatchilardan bir hafta ichida mamlakatni tark etishni so‘radi va Pokiston fuqarolariga berilgan vizani bekor qildi.
Pokiston, o‘z navbatida, ayblovlarni rad etdi va Hindistonning Islomoboddagi diplomatik xodimlari sonini qisqartirdi.
Pokiston hukumati Hindistonning Hind daryosi havzasidagi daryolar oqimini to‘xtatish yoki boshqa yo‘nalishga yo‘naltirishga bo‘lgan har qanday urinishi urush harakati sifatida baholanishini aytdi. Shuningdek, mamlakat
Hindiston bilan barcha savdo-sotiqni to‘xtatdi va havo hududini yopdi.
Pokiston hukumati, shuningdek, Hindiston fuqarolariga beriladigan barcha vizalar to‘xtatilganini e’lon qildi.
Hindiston hukumati Pokiston bilan bog‘liq har qanday tovarlarning importi va tranzitiga to‘liq taqiq joriy etdi.
Live
Barchasi