Hindiston konidagi portlashda 18 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
11:21 1456 1 daqiqa
Kecha, 5 fevral kuni tunda Hindistonning shimoli-sharqida joylashgan Meghalaya shtatida noqonuniy ko‘mir konida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “The Hindu” nashri xabar berdi.
Politsiya bayonotiga ko‘ra, qutqaruv ishlari davomida portlash joyidan 18 kishining jasadi topilgan. Sharqiy Jaintia Hills tumani rasmiysi Manish Kumar yana sakkiz kishi jarohat olganini bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, portlash sodir bo‘lgan kon “kalamush teshigi” deb ataladigan noqonuniy kon bo‘lib, bunday konlar 2014 yilda ekologik va xavfsizlik sabablariga ko‘ra rasman taqiqlangan. Shunga qaramay, ular ayrim hududlarda hanuz faoliyat yuritmoqda.
Kondagi portlashdan keyin yong‘in chiqib, hududda zaharli gaz to‘plangani ma’lum qilingan. Hozirda holat bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvlari olib borilmoqda.
Meghalaya shtati bosh vaziri Konrad Kongal Sangma voqea yuzasidan keng qamrovli tergov o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koltan konida yuz bergan qulash oqibatida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi. Fojia yer qatlamining yumshoqligi va namligi sabab sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi