Hindiston guruch eksportiga cheklov kiritdi

Olam

image

Hindiston oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida guruch yetkazib berishga qo‘shimcha cheklovlar kiritdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mamlakat hukumati guruchga 20 foizlik eksport boji joriy etgan va uni chet elga yetkazib berishni qariyb 80 foizga qisqartirgan. Belgilangan cheklovlarning rasmiy sababi Hindistonning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ekani aytilmoqda.

Mazkur cheklovlar Hindiston guruchning eng yirik eksportchisi maqomiga ega bo‘lganligi sababli jahon bozorlarida uning narxi keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

“Bu harakat bilan ichki narxlar tushadi va bu hukumatga oziq-ovqat inflyatsiyasini nazorat qilishga yordam beradi”, deydi Guruch eksportchilari uyushmasi prezidenti Krishna Rao.

Hindiston rasmiylarining qo‘shimcha qilishicha, yangi qoida joriy etilishidan oldin kelishuvga ega bo‘lgan eksportchilarga don jo‘natishga ruxsat beriladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya guruch va guruch yormalarini eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy qilgan edi. Mamlakat Bosh vazir Mixail Mishustin tomonidan imzolangan tegishli farmonda mazkur cheklovlar joriy yilning 31 dekabriga qadar amal qilishi belgilangan. 

Shuningdek, Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini Qirg‘iziston Respublikasidan olib chiqish (eksport)ni vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqqan edi. Ushbu qaror bilan Qirg‘iziston ichki iste’mol bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida 2023 yilning oxiriga qadar ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksportini taqiqlash ko‘zda tutilgan. Jumladan, bunday mahsulotlar turkumiga yem-xashak (pichan, somon, aralash ozuqa, kepak va yem mahsulotlari), arpa, bug‘doy, guruch va jo‘xori kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston guruch

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing