Rossiya ham guruch eksportini taqiqladi. Guruch tanqis mahsulotga aylanyaptimi?
Jamiyat
−
29 iyul 2023
7999Rossiya guruch va guruch yormalarini eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy qilmoqda. Cheklov 2023 yilning 31 dekabriga qadar amal qiladi. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni Rossiya hukumati saytida ma’lum qilindi.
Tegishli farmonni bosh vazir Mixail Mishustin imzolagan.
"Guruch va guruch yormalarini eksport qilishda bir qator istisnolar mavjud. Taqiq ushbu mahsulotlarni YeIIga a’zo davlatlar, shuningdek, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga yetkazib berishga nisbatan qo‘llanilmaydi", deyiladi farmonda.
Hukumatning qo‘shimcha qilishicha, “bundan tashqari, guruch va guruch yormalari insonparvarlik yordami uchungina xorijga chiqarilishi mumkin”.
“Guruch va guruch yormalarini eksport qilishni vaqtinchalik taqiqlash Iqtisodiyotni rivojlantirish va integratsiya masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasining bojxona-tarif va tarifsiz tartibga solish, tashqi savdoda himoya choralari bo‘yicha quyi qo‘mitasi tomonidan ma’qullandi”, deyiladi hujjatda.
Vazirlar Mahkamasi ushbu qaror ichki bozorda barqarorlikni saqlash maqsadida qabul qilinganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, iyun oyining oxirida Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi guruch eksportini taqiqlashni 2023 yil 31 dekabrgacha uzaytirishni taklif qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston mamlakatda don mahsulotlari narxining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida oq guruch eksportini taqiqlagan edi.
Akobir Sayidov