Qirg‘izistonlik deputat O‘zbekiston guruchining dastidan yozg‘irdi
Olam
−
13:07 9240 2 daqiqa
Qirg‘iziston parlamenti – Jogorku Kenesh deputati Burun Amanova mamlakatda guruch qo‘shni O‘zbekistondan kotrabanda yo‘li bilan olib kelinayotgani sabab fermerlar kasodga uchrayotgani, raqobat qilolmayotganidan yozg‘irdi. U bu haqda parlament majlisida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq-Turpak tumani fermerlari unga murojaat qilib, mamlakatga O‘zbekistondan arzon narxlarda kontrabanda guruch kiritilayotganidan shikoyat qilgan.
“Ular chetdan keltirilgan guruch bilan raqobatlasha olmayapti va shu sababli zarar ko‘rmoqda. Ularning aytishicha, olib kelinayotgan guruch Xitoydan ham bo‘lishi mumkin ekan. Hukumat bu muammoni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rmoqda?” , deya Hukumat vakiliga yuzlangan Burun Amanova.
Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Baqit To‘roboyev guruch kontrabandasi haqida birinchi marta eshitayotganini aytgan.
“Chegarachilar bilan gaplashaman, shuningdek fitonazoratimiz bor, bu yo‘nalishda choralarni kuchaytiramiz. Bundan tashqari, yaqinda menga O‘zbekiston vaziri murojaat qilib, guruch yetishmovchiligi sababli bizdan 32 ming tonna guruch so‘raganini aytib o‘tmoqchiman. Men ularga bunday miqdordagi guruchni ta’minlay olmasligimizni aytdim”, deya qo‘shimcha qilgan Baqit To‘roboyev.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda guruch yetishtirish hajmi sezilarli darajada oshgan: qariyb 56 000 tonna (tozalangan vaznda). Bu 2024 yilga nisbatan (48 000 tonna) taxminan 17% ga ko‘p demakdir.
Qirg‘iziston o‘z guruchi (ayniqsa O‘zgan guruchi) bilan mashhur bo‘lsa-da, aholi ehtiyojini to‘liq qoplash uchun hamon importga tayanadi. 2025 yilning birinchi yarmida guruch importi 48% ga oshgan. Yillik hisobda mamlakatga taxminan 12 000 – 15 000 tonna guruch olib kirilgan (asosan Qozog‘iston, Rossiya, Pokiston va Hindistondan).
Qirg‘iziston ham eksportni oshirmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonga guruch eksporti 2025 yilda qariyb 3,7 baravarga ko‘paygan.
Live
Barchasi