Vazir guruch haqidagi gapi ortidan iste’foga chiqdi
Olam
−
21 may
14128Yaponiya qishloq xo‘jaligi vaziri Taku Eto bugun, 21 may kuni iste’foga chiqdi. Bu haqda “Kyodo News” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u bu qarorga guruch haqidagi nojo‘ya bayonoti ortidan yuzaga kelgan jamoatchilik noroziligi sababli kelgan.
Taku Eto Liberal-demokratik partiya uchun tashkil etilgan xayriya tadbirida odamlarga guruch sotib olmaslikni iddao qilgandek bo‘lgan.
“Men guruch sotib olmayman. Uni menga ko‘plab tarafdorlarim sovg‘a qilishadi. Hatto uni sotib yuborishim ham mumkin edi”, degan vazir.
Ushbu so‘zlar ayniqsa, guruch narxi ikki baravar oshgan vaqtda aytilgani bois, jamoatchilik noroziligini keltirib chiqargan. Vazir so‘zlarini izohlab, bu orqali kulgi uyg‘otmoqchi bo‘lgani va odamlarni sog‘lomroq navlar sotib olishga chaqirmoqchi bo‘lganini aytgan.
Shuningdek, u xotini ham bu gaplar uchun uni tanqid qilganini ma’lum qilgan.
O‘z vazifasini topshirish jarayonida jurnalistlarga bergan intervyusida Eto bo‘shash qaroriga o‘zi kelganini bildirgan.
“Guruch narxlari oshgan ayni og‘ir paytda vazirlikni boshqarishda davom etishim o‘rinlimi yoki yo‘qmi, deb o‘zimdan so‘radim va davom etmaslikka qaror qildim”, degan u.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning may oyiga ko‘ra, Yaponiyada 5 kilogramm guruchning o‘rtacha chakana narxi 4,233 iyenni tashkil etmoqda, bu o‘rtacha 29 AQSH dollariga teng. Bu narx bir yil oldingi narxdan ikki baravar ko‘p.
Narxlarning oshishiga bir qator omillar sabab bo‘ldi, jumladan 2023 yilgi rekord issiqlik to‘lqini va qurg‘oqchilik oqibatida hosilning kamayishi, iste’molchilarning guruchni g‘amlashga bo‘lgan intilishi va eksportning oshishi. Bundan tashqari, hukumatning favqulodda guruch zaxiralarini bozorga chiqarish harakatlari ham narxlarni barqarorlashtirishga yordam bermadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yoz oylarida Yaponiya poytaxti Tokio shahri aholisiga suv uchun olinadigan asosiy kommunal to‘lovlar bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi