Hindiston “Dok-1 Maks” ishlab chiqaruvchisining litsenziyasini to‘xtatdi

Jamiyat

image

Hindiston O‘zbekistonda 20 nafar bola o‘limiga aloqador bo‘lgan “Marion Biotech” kompaniyasining litsenziyasini to‘xtatdi. Bu haqda “Moneycontrol” nashri xabar berdi.

Litsenziya Uttar-Pradesh Oziq-ovqat xavfsizligi va dori vositalarini boshqarish departamenti tomonidan to‘xtatilgan. 

“Biz “Marion Biotech” kompaniyasining dori ishlab chiqarish litsenziyasini to‘xtatib qo‘ydik. Kompaniya Noida shahrida joylashgan zavoddagi ishlab chiqarish qoidabuzarliklari sabablari to‘g‘risida biz tomondan e’lon qilingan ogohlantirishga javob bermadi”, deydi departament xodimi nashrga.

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, “Marion Biotech” asoschilari Noida zavodida har xil turdagi dori-darmonlarni ishlab chiqarish uchun ikkita litsenziyaga ega bo‘lgan.

“Kompaniya biologik va biologik bo‘lmagan dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ikkita turdagi litsenziyaga ega edi va ikkalasi ham keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatib qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan  “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi. Namanganda xai “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilgan bola vafot etdi. Hozirda ushbu doridan vafot etgan bolalar soni 20 taga yetdi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi. 

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.

2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida 9 nafar bola “Dok-1 Maks”dan zaharlangani haqida xabar berildi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston “Dok-1 Maks” bolalar o'limi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing